Toshkentda GAC Aion piyodalar oʻtish joyida odamni urib yubordi
Toshkentning Mirzo Ulugʻbek tumanida GAC Aion avtomobili tartibga solingan piyodalar oʻtish joyidan oʻtayotgan piyodani urib yubordi. Jabrlanuvchiga tez tibbiy yordam koʻrsatilib, kasalxonaga olib ketilgan.

Toshkentda GAC Aion piyodalar oʻtish joyida bir kishini urib yubordi
Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati bergan maʼlumotga koʻra, hodisa 13-oktabr kuni soat 19:00 lar atrofida Mirzo Ulugʻbek koʻchasidagi Ekobozor roʻparasida yuz bergan.
Avtomobilni 2005-yilda tugʻilgan M.A. boshqarib ketayotgan boʻlgan. U tartibga solingan oʻtish joyidan harakatlanayotgan piyodani urib yuborgan.
Xabarda piyodaning yoshi va ahvoli, shuningdek, hodisa paytida svetoforning qaysi chirogʻi yongani haqida maʼlumot berilmagan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB masʼul xodimlari surishtiruv olib bormoqda.

