Texnologiya

Toshkentda 2,4 kilometrlik mikromobillik yo‘lagi sinovdan o‘tkazildi

Toshkentda 2,4 kilometrlik mikromobillik yo‘lagi sinovdan o‘tkazildi

Toshkent shahridagi Lutfiy ko‘chasining 2,4 kilometr qismida velosiped, elektrosamokat, elektroskuter va boshqa mikromobillik vositalari uchun alohida yo‘lak tashkil etilib, sinovdan o‘tkazildi. YHTEM ushbu tajribani poytaxtning boshqa ko‘chalarida ham qo‘llash imkoniyatlarini o‘rganmoqda.

Loyihaning asosiy maqsadi mikromobillik vositalari, avtomobillar va piyodalar oqimini bir-biridan ajratishdan iborat. Alohida infratuzilma bo‘lmagan joylarda velosiped va skuter foydalanuvchilari avtomobillar bilan qatnov qismida yoki piyodalar bilan trotuarda bir makonda harakatlanishga majbur bo‘ladi.

Lutfiy ko‘chasidagi pilot yo‘lak velosipedlar, elektrosamokatlar, elektroskuterlar va boshqa mikromobillik vositalari uchun mo‘ljallangan. Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lumotiga ko‘ra, sinov jarayonida yangi yechim foydalanuvchilar uchun qulay va tushunarli ekani, shuningdek, shaharda mikromobillik uchun alohida infratuzilma yaratish imkoniyatlarini amalda baholashga yordam bergani kuzatilgan.

Kelgusidagi loyihalarda bunday yo‘laklarni avtomobillar harakatidan delineatorlar, ajratuvchi va boshqa himoya elementlari yordamida jismonan ajratish rejalashtirilmoqda. Bu mikromobillik vositalari foydalanuvchilarining xavfsizligini oshirish va avtomobillar bilan to‘qnashuv xavfini kamaytirishga qaratilgan.

Markazning qayd etishicha, maqsad avtomobillar, piyodalar va mikromobillik vositalari uchun aniq va alohida harakatlanish makonini shakllantirishdir. Lutfiy ko‘chasidagi sinov natijalari asosida poytaxtning shunday yechimni joriy etish mumkin bo‘lgan boshqa ko‘cha va hududlari ham o‘rganilmoqda.

Avgust oyi oxirida Amir Temur xiyobonida “Yashil to‘lqin” ishga tushirilganini e’lon qilgandi. Hududdagi barcha 5 ta svetofor o‘zaro sinxronlashtirilib, yagona “yashil to‘lqin” algoritmi asosida ishlamoqda. Sentyabr boshida esa tizim Maxtumquli ko‘chasida ham ishga tushirilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.