Toshkentda 100 ta turistik va gastronomik koʻcha tashkil etiladi

Toshkentda 100 ta turistik va gastronomik koʻcha tashkil etish rejalashtirilmoqda
2030 yilgacha Toshkentda 100 ta gastronomik, turistik, sayr qilish uchun moʻljallangan va tunu kun faoliyat yuritadigan koʻchalar ochish koʻzda tutilgan. Ular poytaxtning barcha 12 ta tumanida paydo boʻladi.
Bunday koʻchalarning eng koʻp soni Chilonzor tumanida rejalashtirilgan — 11 ta. Mirzo Ulugʻbek, Sergeli, Yunusobod va Yangihayot tumanlarida 10 tadan, Mirobod, Olmazor, Shayxontohur, Yakkasaroy va Yashnobod tumanlarida sakkiztadan koʻcha tashkil etiladi. Uchtepa tumanida oltita, Bektemir tumanida esa uchta koʻcha yaratiladi.
Loyihalarni amalga oshirish uchun 2026 yilda davlat byudjetining tejab qolingan mablagʻlari hisobidan 175 milliard soʻm ajratiladi. 2030 yilgacha bunday koʻchalarni tashkil etishga bosqichma-bosqich jami 1 trillion soʻm yoʻnaltiriladi.
Bundan tashqari, Toshkentdagi Taras Shevchenko turistik koʻchasi yana qariyb 400 metrga uzaytiriladi. Yangi hududni obodonlashtirish hamda sayr qilish, hordiq chiqarish va tadbirkorlik uchun jamoat joylari bilan toʻldirish rejalashtirilgan.

