Mahalliy

Toshkent zamonaviy san’at markazi ochilishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Birinchi kun dasturi

Toshkentdagi XX asrga oid tarixiy binoda joylashgan Zamonaviy san’at markazi (CCA Tashkent) 6-sentabrda ilk tashrif buyuruvchilarini qabul qiladi. Ochilish dasturidan performanslar, kinonamoyishlar va bolalar mahorat darslari o‘rin olgan. Asosiy voqea 'Hikmah' ko‘rgazmasi bo‘ladi.

Toshkent zamonaviy san’at markazi (CCA Tashkent) o‘z eshiklarini ochishga hozirlik ko‘rmoqda. Markazning ochilish marosimi 6-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi. Poytaxt markazida, 1912-yilda qurilgan sobiq dizel elektr stansiyasining tarixiy binosida joylashgan ushbu markaz mintaqadagi birinchi shu turdagi madaniy muassasa bo‘lib, ko‘rgazma loyihalari, tadqiqotlar va ta’lim dasturlari orqali mahalliy va xalqaro san’at maydonlarini bog‘laydi.

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova ushbu ochilishni mamlakat madaniy infratuzilmasini rivojlantirish va jamg‘armaning zamonaviy san’atning barqaror ekotizimini yaratish bo‘yicha uzoq muddatli maqsadlarini amalga oshirishdagi muhim qadam deb ta’rifladi.

Umerovaning so‘zlariga ko‘ra, "CCA Tashkent rassomlar, tadqiqotchilar, kuratorlar va turli jamoalar vakillari uchrashadigan, mahalliy badiiy muhit esa xalqaro madaniy muhit bilan to‘laqonli muloqotga kirisha oladigan makonga aylanadi. Biz nafaqat zamonaviy san’atni namoyish etadigan, balki ta’lim, tadqiqot va xalqaro hamkorlik orqali uning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydigan muassasa yaratishga intilmoqdamiz".

Turkiston o‘lkasi qurilish idorasi rahbari Vilgelm Geynselman loyihasi bo‘yicha qurilgan binoning rekonstruksiyasi Parijning Studio KO arxitektura byurosiga topshirildi. Arxitektorlar oldiga tarixiy muhit va hududda paydo bo‘lgan yangi bino o‘rtasidagi muloqotni ko‘rsatish vazifasi qo‘yilgan edi. Yangilangan markaz konsepsiyasi 2025-yil oktabr oyida Parijdagi Art Basel xalqaro yarmarkasida maket shaklida taqdim etilgan.

Zamonaviy san’at markazi ko‘p tarmoqli makon sifatida loyihalashtirilgan. Ko‘rgazma zallaridan tashqari, bu yerda kutubxona va ta’lim maydonchalari, shuningdek, konsept-stor va restoran faoliyat yuritadi.

Nyu-Yorkdagi Solomon Guggenxaym muzeyi va Londonning Teyt galereyasida ishlagan doktor Sara Reza CCA Tashkent’ning badiiy rahbari va bosh kuratori etib tayinlandi.

6-sentabr kuni uning kuratorligida markazning birinchi ko‘rgazmasi – “Hikmah” ochiladi (uning nomi arabcha “hikmat” so‘zidan olingan). Ekspozitsiya an’analar, moddiy madaniyat va zamonaviy badiiy amaliyotlarning tutashuv nuqtalarini tadqiq etadi. Unga Saudiya Arabistoni, Fransiya, Germaniya, AQSh, Janubiy Koreya va O‘zbekiston rassomlarining asarlari kiritiladi.

Tashrif buyuruvchilar, shuningdek, I. V. Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi fondidan Vladimir Pan, Daribay Saipov va Baxtiyar Saipovlarning asarlarini tomosha qilishi mumkin. Ovozli installyatsiyani esa CCA Tashkent musiqiy kuratori Sabina Inoyatova taqdim etadi.

Bir kun oldin, 5-sentabr kuni CCA Tashkent ommaviy dasturi doirasida Davlat tarix muzeyida kelib chiqishi marokashlik bo‘lgan niderlandiyalik dizayner va kutyure Mohamed Benshalalning “BENCHELLAL, MONUMENTAL | Sculpting Past Tomorrow” ko‘rgazmasi ochiladi. Unda taqdim etiladigan liboslar to‘plami Benshalalning Toshkentdagi art-rezidensiyada bo‘lgan davrida yaratilgan bo‘lib, O‘zbekiston madaniyati, hunarmandchilik an’analari va me’moriy merosidan ilhomlangan.

Toshkentda faoliyat yuritayotgan ikkita rezidensiya bilan bir qatorda, sentabr oyida Samarqandda ham yangi rezidensiya o‘z ishini boshlaydi. Poytaxtdagi dasturdan farqli o‘laroq, u tadqiqotlar, fanlararo tajriba almashinuvi hamda shaharning boy tarixiy va madaniy merosi bilan hamkorlikka e’tibor qaratadi.

Markaz Arxitektura assotsiatsiyasining sayyor maktabi (AA Visiting School) bilan hamkorlikni davom ettiradi. 4−14-sentabr kunlari Samarqanddagi rezidensiyada “AA Visiting School: Climate Cartographies in Samarkand” (“AA sayyor maktabi: Samarqanddagi iqlim kartografiyasi”) bo‘lib o‘tadi. Dastur doirasida Samarqand tarixi prizmasi orqali iqlim, madaniy meros va koinot o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni o‘rganishga bag‘ishlangan ma’ruzalar, tadqiqot yo‘nalishlari va vorkshoplar rejalashtirilgan. Loyihada arxitektorlar, rassomlar, tarixchilar, olimlar va tadqiqotchilar ishtirok etadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.