Toshkent viloyatida qo‘ylarini qaytarishni talab qilgan sinfdoshini o‘ldirgan cho‘pon 19 yilga qamaldi

Toshkent viloyatida o‘z sinfdoshini o‘ldirgan cho‘pon 19 yilga qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu voqea Parkent tumanida sodir bo‘lgan bo‘lib, cho‘pon sinfdoshining qo‘ylarini qaytarish talabiga javoban uni o‘ldirgan. “Daryo” nashri sud hujjatlari bilan tanishib, tafsilotlarni ma’lum qildi.
1985-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan Sohibnazar Qirg‘izboyev (barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) 2023-yil aprelidan boshlab Parkent tumanidagi tog‘asiga tegishli fermer xo‘jaligida cho‘ponlik qilgan.
**Qo‘ylarni ko‘paytirish va’dasi**
O‘sha yilning noyabr oyida Sohibnazar sinfdoshi Temurqobil Oybuloqov bilan uchrashgan. Suhbat davomida Sohibnazar Temurqobilga qo‘y sotib olib bersa, ularni fermer xo‘jaligi chorvasiga qo‘shib boqish va ko‘paytirishni taklif qilgan. Temurqobil bu taklifga rozi bo‘lgan. Kelishuvga ko‘ra, u 2023–2024-yillar davomida Sohibnazarga dastlab 9 bosh, keyinchalik yana 40 bosh qo‘y sotib olish uchun jami 60 million so‘m bergan.
Sohibnazar qo‘ylarni bir muddat boqqan, biroq qarzlari ko‘payib ketgach, 2024-yil dekabr va 2025-yil yanvar oylarida barcha qo‘ylarni sotib yuborib, pullarni shaxsiy qarzlarini to‘lashga sarflagan.
Bundan tashqari, u Temurqobilning tanishi Mirzohidga ham qo‘ylarni boqib, ko‘paytirib berishni va’da qilib, undan 31,5 million so‘m olgan. Bu pullarga 9 bosh qo‘y sotib olib, ularni ma’lum muddat boqqach, sotib yuborgan.
Sohibnazarning qo‘ylarni ko‘paytirib berish va’dasiga ishonganlar faqat Temurqobil va Mirzohid bo‘lmagan. U yana bir tanishi — Elomonga ham o‘zini tajribali cho‘pon sifatida tanishtirib, pul bersa, qo‘ylarni fermer xo‘jaligi chorvasiga qo‘shib boqishni taklif qilgan. Elomon ham taklifga ishonib, 2024-yil oktyabridan 2025-yil martigacha unga bo‘lib-bo‘lib jami 60 million so‘m bergan. Sohibnazar pulga qo‘ylar sotib olingandek ko‘rsatish maqsadida Elomonga videolar yuborib, hisobot berib turgan. Aslida esa u berilgan pullarga birorta ham qo‘y sotib olmagan, aksincha, olti oy davomida yig‘ilgan 60 million so‘mni boshqa qarzlarini to‘lashga sarflab yuborgan.
**Qo‘ylarni ko‘rsatish bahonasida adirga olib chiqqan**
2025-yil yoziga kelib, Temurqobil va Mirzohid qo‘ylarni qaytarishni qat’iy talab qila boshlagan. Biroq Sohibnazarda sotib yuborilgan qo‘ylarni qaytarish yoki ularning pulini to‘lash imkoniyati bo‘lmagan. U haqiqatni aytish o‘rniga, turli bahonalar bilan ularni chalg‘itishga uringan.
Ikkovlon qo‘ylarini talab qilavergach, Sohibnazar ularga qo‘ylar “Kumushkon” mahallasidagi Oltinbel qir-adirligida boqilayotganini aytgan. Va nihoyat, 2025-yil 30-sentyabr kuni u qo‘ylarni ko‘rsatish va qaytarib berishni va’da qilib, ikki tanishini soat 23:00 lar atrofida adirga boshlab borgan.
Ular adir bo‘ylab ketayotganida, Sohibnazar oldinda yurgan Mirzohidning qo‘llarini orqasiga qayirib, uning boshiga zarba bergan. Biroq Mirzohid qarshilik ko‘rsatib, uning qo‘lidan chiqib ketgan. Shovqinni eshitgan Temurqobil Sohibnazarni to‘xtatish uchun uning yoniga kelib, bunday qilmaslikni so‘ragan. Ammo cho‘pon unga ham tashlangan. Temurqobilning yuziga kutilmaganda zarba berib yiqitgan, so‘ng yerdagi toshni olib, uning boshiga ikki marta urgan. Olingan og‘ir tan jarohatlari oqibatida Temurqobil voqea joyida vafot etgan.
Shundan so‘ng Sohibnazar Mirzohidni ham o‘ldirishga urinib, uning ortidan tosh otgan. Biroq Mirzohid qorong‘ilikdan foydalanib, voqea joyidan qochishga ulgurgan.
**Sudda qilmishini “stress” bilan izohlagan**
Sohibnazar sudda qo‘ylarni sotib yuborganini va jabrlanuvchilarga tegishli pullarni boshqa qarzlarini to‘lashga sarflaganini tan olgan. “Ular qo‘ylarni qaytarishimni talab qilib, meni haqorat qila boshlashdi. Shu sababli stress holatiga tushib, nima qilayotganimni bilmay qoldim”, degan u suddagi ko‘rsatuvida.
Mirzohid esa ular o‘rtasida hech qanday janjal bo‘lmagani va Sohibnazarni haqorat qilmaganini bildirgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Parkent tuman sudi hukmi bilan Sohibnazar Qirg‘izboyev Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j” va “i” bandlari, 25-moddasi orqali 97-moddasi 2-qismi “a” va “i” bandlari, 167-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari hamda 168-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan unga jinoyatlar majmui bo‘yicha uzil-kesil 19 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, undan jabrlanuvchilar foydasiga 231,5 million so‘m miqdoridagi moddiy zararni undirish belgilangan.

