Toshkent viloyatida qariyb 6,4 mlrd so‘mlik qarzdorlikka ko‘z yumgan “Energosavdo” bo‘lim boshlig‘i sudlandi

Toshkent viloyatida qariyb 6,4 milliard so‘mlik qarzdorlikka e’tiborsizlik qilgan "Energosavdo" bo‘lim boshlig‘i sud qarori bilan jazolandi. Bekobod tumanida mansab vakolatini suiiste’mol qilgan "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ "Energosavdo" filiali tuman bo‘limi boshlig‘iga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Bu haqda "Daryo" sud hujjatiga tayanib xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 1985-yilda tug‘ilgan M.M. 2025-yil 14-avgustdan boshlab "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ "Energosavdo" filiali Bekobod tuman bo‘limiga rahbar etib tayinlangan.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi qarori bilan tasdiqlangan qoidalarga ko‘ra, maishiy iste’molchilardan tashqari barcha xaridorlarga elektr energiyasi 100 foiz oldindan to‘lov asosida yetkazib berilishi shart. Qarzi bo‘lgan yuridik shaxslar esa tarmoqdan uzilishi lozim.
Biroq M.M. tumandagi 17 ta yirik iste’molchini – fermer xo‘jaliklari va MChJlarni – elektr hisobini yuritish dasturida tarmoqdan uzmagan. O‘sha paytda ularning elektr energiyasi uchun umumiy qarzi 6 milliard 371 million so‘mga yetgan. Bu tumandagi umumiy qarzdorlikning 11 foizini tashkil etgan. Sud hujjatiga ko‘ra, bu holat natijasida davlatga 1 milliard 590 million 300 ming so‘m zarar yetkazilgan.
17 ta iste’molchi orasida eng katta qarzdorlik fermer xo‘jaliklaridan birida qayd etilgan bo‘lib, u 1 milliard 497 million 800 ming so‘mni tashkil qilgan. Yana bir fermer xo‘jaligi 873 million 800 ming so‘m, MChJlardan biri esa 498 million 200 ming so‘m qarzdor bo‘lgan. Eng kichik qarzdorlik 44 million 200 ming so‘mga teng bo‘lgan.
Qarzdorligi sababli tarmoqdan uzilgan yuridik shaxs qayta ulanganda, undan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida to‘lov undirilishi kerak edi. Ammo M.M. 2025-yil avgust—dekabr oylarida 46 ta iste’molchini ushbu to‘lovni undirmasdan qayta ulab bergan. Undirilmagan to‘lovlar jami 189 million 150 ming so‘mni tashkil etgan.
O‘rganish davomida 17 ta sholichilik xo‘jaligi qarzdorligi to‘liq undirilmagan holda 4 milliard 470 million so‘mlik elektr energiyasidan foydalangani ham aniqlangan. Ularning debitor qarzdorligi bir yil ichida 5 milliard 262 million so‘mdan 7 milliard 961 million so‘mga, ya’ni 2,7 milliard so‘mga oshgan.
Mazkur holatlar Toshkent viloyati prokuraturasining 2026-yil 20-fevraldagi talabnomasi asosida o‘tkazilgan o‘rganish natijasida aniqlangan. Shundan so‘ng "Energosavdo" filialida xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan.
Tekshiruvda tumandagi 236 ta qishloq xo‘jaligi iste’molchisining jami qarzi 61,5 milliard so‘mni tashkil qilgani aniqlangan. Shuningdek, qarzdorligi sababli 253 ta iste’molchi tarmoqdan ajratilgani ma’lum bo‘lgan. Qarzi uchun uzilgan 93 ta iste’molchining billing dasturidagi hisobvarag‘iga "o‘chirish va yoqish xizmati" uchun to‘lov kiritilmagani ham aniqlangan. Ushbu kamchilik tekshiruv davomida bartaraf etilgan.
Xizmat tekshiruvi xulosasida M.M.dan tashqari bo‘limning avvalgi rahbari hamda yana bir mas’ul xodim o‘z xizmat vazifalarini to‘liq bajarmagani qayd etilgan.
Sudda o‘chirish guruhi ustasi qarzdorligi qoplanmagan iste’molchilarni tarmoqqa bo‘lim boshlig‘ining topshirig‘i bilan ulaganini bildirgan. Sud hujjatiga ko‘ra, M.M. ham bu holatni tasdiqlagan.
"Ishlagan davrimda biror-bir shaxsdan moddiy yoki boshqacha tarzda manfaatdor bo‘lmaganman", — deya ko‘rsatma bergan sudlanuvchi.
M.M. aybiga iqror bo‘lgan. U bu holatni boshqa takrorlamasligini, 2,7 milliard so‘mga oshgan qarzdorlikning 2,4 milliard so‘mi qoplanganini bildirgan. Shuningdek, qayta ulash to‘lovi undirilmagan 46 ta holatning yarmi bartaraf etilganini aytib, suddan yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan.
Sud M.M.ning aybiga iqror bo‘lgani, qilmishidan pushaymonligi, yetkazilgan zararning bir qismi qoplangani, shuningdek, oilaviy sharoiti va qaramog‘ida uch nafar farzandi borligini inobatga olgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod tuman sudi M.M.ni Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi "a" bandi (juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan aybdor deb topgan. Unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Shuningdek, M.M. 1 yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda rahbarlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan.
Avvalroq O‘zbekistonda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari oqibatida davlatga salkam 4 milliard so‘m zarar yetgani haqida xabar berilgandi.

