Toshkent viloyatida ichimlik suvi va oqova xizmatlari tariflari oshiriladi

Toshkent viloyatida ichimlik suvi va oqova xizmatlari tariflari oshiriladi
Toshkent viloyatida aholi uchun ichimlik suvi hamda oqova suv xizmatlari narxlari ko‘tariladi. Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining 16-sentyabrdagi qarori bilan yangilangan tariflar tasdiqlandi.
“Toshkent viloyati suv ta’minoti” AJ xizmat ko‘rsatadigan hududlarda aholi uchun 1 kub metr ichimlik suvi narxi amaldagi 2 600 so‘mdan 3 100 so‘mga oshiriladi. QQS bilan hisoblaganda yangi tarif 3 472 so‘mni tashkil etadi.
Oqova suv xizmati bo‘yicha esa aholi uchun 1 kub metr tarif 1 300 so‘mdan 1 500 so‘mga oshiriladi. QQS bilan yangi narx 1 680 so‘m bo‘ladi.
“Chimgan-Chorbog‘ magistral suv ta’minoti” AJ xizmat ko‘rsatadigan hududlarda ham tariflar o‘zgaradi. Bu yerda aholi uchun 1 kub metr ichimlik suvi 1 500 so‘mdan 1 700 so‘mga, oqova suv xizmati esa 1 150 so‘mdan 1 350 so‘mga oshiriladi. QQS bilan yangi tariflar mos ravishda 1 904 va 1 512 so‘m etib belgilangan.
Qarorda tariflarni oshirish bilan birga iste’molchilarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash va yangi narxlar bo‘yicha aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish vazifasi ham belgilangan. Yangi tariflar qaror ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinganidan 15 kun o‘tgach kuchga kiradi.
Shavkat Mirziyoyev 24-iyul kuni “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini yanada yaxshilashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzolagandi. Hujjatga ko‘ra, 1-sentyabrdan “O‘zsuvta’minot” AJ foydalanishiga topshiriladigan barcha ichimlik suvi va oqova suv infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari maxsus elektron platformada yuritiladi.
Shuningdek, jamiyat va uning tizim korxonalari o‘rtasidagi ayrim shartnomaviy munosabatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘lga qo‘yiladi, yangi loyihalarga esa xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining qarz hamda grant mablag‘lari kengroq jalb etiladi.

