Toshkent viloyatida ichimlik suvi va oqova suv tariflari oshirilmoqda
1 oktyabrdan Toshkent viloyatida ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari tariflari oshiriladi. Aholining asosiy qismi uchun bir kubometr suv narxi QQS bilan birga 19,2 foizga oshib, 3472 soʻmni, oqova suv esa 15,4 foizga oshib, 1680 soʻmni tashkil etadi. Byudjet tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar uchun oʻsish 6,7 foizdan 33,3 foizgacha boʻladi.

Toshkent viloyatida ichimlik suvi va kanalizatsiya tariflari qayta koʻrib chiqildi
Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari uchun yangi tariflarni tasdiqladi. Aholining asosiy qismi uchun bir kubometr suv narxi QQSsiz 19 foizga — 2600 soʻmdan 3100 soʻmgacha, oqova suv (kanalizatsiya) xizmati esa 15 foizga — 1300 soʻmdan 1500 soʻmgacha oshadi.
Kengash qarori 16 sentyabr kuni qabul qilingan. Yangi tariflar hujjat rasman eʼlon qilinganidan keyin 15 kun oʻtgach — 1 oktyabrdan kuchga kiradi.
«Toshkent viloyati suv taʼminoti» tomonidan xizmat koʻrsatiladigan aholi uchun bir kubometr suv narxi QQS bilan birga 19,2 foizga — 2912 soʻmdan 3472 soʻmgacha, oqova suv xizmati esa 15,4 foizga — 1456 soʻmdan 1680 soʻmgacha oshadi.
Byudjet tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar uchun bir kubometr ichimlik suvi QQS bilan birga 16 800 soʻmdan 17 920 soʻmgacha (6,7 foizga), oqova suv xizmati esa 3360 soʻmdan 4480 soʻmgacha (33,3 foizga) qimmatlashadi.
«Chimyon-Chorvoq magistral suv taʼminoti» tomonidan xizmat koʻrsatiladigan hududlar uchun alohida tariflar belgilandi. Aholi uchun ichimlik suvi QQS bilan birga 1680 soʻmdan 1904 soʻmgacha (13,3 foizga), oqova suv xizmati esa 1288 soʻmdan 1512 soʻmgacha (17,4 foizga) oshadi.
Toshkent viloyatida tariflar oxirgi marta 2025 yil 1 iyuldan oshirilgan edi: oʻshanda aholi uchun suv taʼminoti oʻrtacha 26,7−36,4 foizga, kanalizatsiya xizmatlari toʻlovi esa xizmat koʻrsatuvchi tashkilotga qarab 30 foizga (ayrim hollarda deyarli 3,8 baravarga) oshgandi.
2027 yil 1 yanvardan boshlab Oʻzbekistonda ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari tariflarini tasdiqlash vakolati Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga oʻtadi.

