Toshkent viloyatida Cobalt siqib ketgan Spark ag‘darilishi oqibatida ota va bola vafot etdi
Toshkent viloyatida Cobalt siqib ketishi sabab Spark yo‘l chetiga borib ag‘darildi. Oqibatda Spark’dagi 39 yoshli erkak va uning 5 yoshli farzandi vafot etdi. Voqea joyidan qochib ketgan Cobalt haydovchisi o‘sha kuni ushlandi.

Toshkent viloyatida Cobalt avtomobili Spark mashinasini siqib yuborishi natijasida Spark ag‘darilib ketdi, oqibatda ota va uning farzandi halok bo‘ldi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Cobalt Sparkni quvib o‘tayotganida uning yo‘lini to‘sib qo‘ygani, buning natijasida Spark yo‘l chetiga chiqib ag‘darilgani, Cobalt esa hodisa joyidan qochib ketgani aks etgan.
Toshkent viloyati IIBB ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu hodisa 15-avgust kuni soat 09:30 atrofida sodir bo‘lgan. O‘sha kunning o‘zida Cobalt haydovchisi, 30 yoshli X.A.ning shaxsi aniqlanib, u qo‘lga olingan.
“Millar” dasturida xabar berilishicha, vafot etganlar 39 yoshli erkak va uning 5 yoshli farzandi bo‘lgan. Yana bir ayol shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

