Toshkent va Samarqand FAOning Yashil shaharlar tarmog‘iga qo‘shildi
Toshkent va Samarqand BMT FAOning Yashil shaharlar tarmog‘iga qo‘shildi. Bu yanada yashil, sog‘lom, xavf-xatarlarga bardoshli va inklyuziv shahar muhitini yaratish ustida ishlayotgan shaharlarning global hamjamiyati hisoblanadi. Yaqin orada shaharlar dastlabki baholashdan o‘tishi kerak.

Toshkent va Samarqand FAOning Yashil shaharlar tarmog‘iga qo‘shildi
Toshkent va Samarqand BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning Yashil shaharlar tarmog‘iga a’zo bo‘ldi. Sertifikatlar 20-avgust kuni FAOning Rimdagi bosh qarorgohida joylashgan “Yashil shaharlar” tashabbusi kotibiyati tomonidan topshirildi.
Mazkur tarmoq yanada yashil, sog‘lom, turli xavf-xatarlarga bardoshli va inklyuziv shahar muhitini shakllantirish yo‘lida hamkorlik qiluvchi shaharlarning global hamjamiyati hisoblanadi. FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabariga ko‘ra, u shaharlarni ko‘kalamzorlashtirishga kompleks yondashuv orqali shaharlarning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashadi hamda ishtirokchi shaharlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlaydi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishisi milliy qo‘mitasi ham ma’lum qildi.
Tarmoq uchta asosiy yo‘nalish bo‘yicha kompleks yechimlar va strategiyalarni ilgari suradi: shahar va shahar atrofi o‘rmon xo‘jaligi; shahar va shahar atrofi qishloq xo‘jaligi; barqaror bioiqtisodiyot.
“FAOning Yashil shaharlar tarmog‘iga a’zolik Toshkent va Samarqandga texnik yordam olish va salohiyatni oshirish, bilim va tajriba almashish, shaharlararo hamkorlik platformalarida ishtirok etish, amaldagi global ramkaviy hujjatlar va ekologik kun tartiblariga muvofiqlikni ta’minlashda ko‘mak olish, sheriklik aloqalarini rivojlantirish, resurslarni safarbar qilish va investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, shahar rivojlanishi sohasida barqaror yechimlarni ilgari suruvchi yetakchi shaharlar sifatida xalqaro maydonda tanilishini oshirish imkoniyatlarini taqdim etadi”, — deyiladi xabarda.
“Yashil shaharlar” tashabbusi 2020-yilda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 2030-yilga kelib dunyoning 1000 ta shahrida aholi sog‘lig‘i va farovonligini, shuningdek, atrof-muhit holatini sezilarli darajada yaxshilashga qaratilgan.
Tarmoq doirasidagi hamkorlik “Yashil shaharlar kommunikesi”ga hamda FAOning yashil shaharlarga oid tamoyillari va mezonlariga asoslanadi. Kommunike 2025-yilda bo‘lib o‘tgan Yashil shaharlar bo‘yicha birinchi xalqaro konferensiyada taqdim etilgan. U yanada yashil shaharlar uchun global harakatni rivojlantirish bo‘yicha umumiy qarashlar va jamoaviy majburiyatlarni aks ettiradi.
Tarmoqdagi ishtirokning birinchi bosqichida “Yashil shaharlar” tashabbusi kotibiyati Toshkent va Samarqandga dastlabki o‘zini o‘zi baholashni o‘tkazish bo‘yicha qo‘shimcha tavsiyalarni taqdim etadi. Bu jarayon har bir shahar uchun ustuvor yo‘nalishlarni belgilash va ularning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda texnik yordamni shakllantirish imkonini beradi.

