Toshkent va Haydarobod oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar yoʻlga qoʻyildi
Centrum Air aviakompaniyasi Toshkent va Haydarobod oʻrtasida muntazam toʻgʻridan-toʻgʻri reyslarni yoʻlga qoʻydi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Toshkent va Haydarobod oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyildi.
Yangi aviayoʻnalish Janubiy Hindiston va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi birinchi toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovi boʻlgani aniqlashtirilgan. 28 sentyabrdan boshlab Toshkent–Haydarobod–Toshkent yoʻnalishi boʻyicha reyslar zamonaviy va qulay Airbus A320neo havo kemalarida haftasiga ikki marta amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston elchisi Sardor Rustamboyev ikki davlat oʻrtasida jadal rivojlanayotgan siyosiy, iqtisodiy va gumanitar munosabatlarning ahamiyatini qayd etdi. Ushbu aviareyslar Telangana shtati va umuman Hindistonning janubiy hududlari bilan raqamli texnologiyalar, farmatsevtika, zargarlik sanoati va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar ochayotgani alohida taʼkidlandi.
Haydarobod Centrum Air aviakompaniyasining Dehlidan keyin Hindistondagi ikkinchi yoʻnalishiga aylandi.

