Mahalliy

Toshkent shahri va viloyatida 500 mln soʻmlik noqonuniy dorilar aylanmasiga chek qoʻyildi

Toshkent shahri va viloyatida umumiy qiymati 500 million so‘mga teng bo‘lgan noqonuniy dori vositalari savdosiga chek qo‘yildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.

Poytaxtning Yangihayot tumanida bojxona, xavfsizlik va ichki ishlar xodimlari tomonidan kuzatuvga olingan avtomobil to‘xtatildi. Tekshiruv natijasida fuqaroning sumkasidan xorijda ishlab chiqarilgan, hujjatsiz va sifati kafolatlanmagan ikki turdagi 60 dona dori vositasi topildi.

Qidiruv ishlari davom ettirilib, gumonlanuvchining ijarada yashayotgan xonadoni ko‘zdan kechirildi. Natijada uyda chet elda ishlab chiqarilgan, hujjatsiz 24 nomdagi jami 1 211 dona dori vositasi borligi aniqlandi.

Shuningdek, gumonlanuvchining farzandiga tegishli Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi xonadon ham tekshirildi. U yerdan xorijda ishlab chiqarilgan, hech qanday hujjatlari bo‘lmagan uch nomdagi jami 9 590 dona dori vositasi topildi.

“O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 29 nomdagi 10 861 dona dori vositasi noqonuniy muomaladan olib qo‘yildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu dori vositalarining umumiy qiymati 500 million so‘mni tashkil etdi. Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.

Tezkor tadbirlar davomida Toshkent viloyatida yana bir shunga o‘xshash holat aniqlandi. Navoiy chegara bojxona posti orqali O‘zbekistonga piyoda kirib kelgan fuqaro bojxona xodimlari tomonidan to‘xtatilib, ko‘rikdan o‘tkazildi. Fuqaroning oyoq qismlariga yashirilgan 80 ta qutidagi dori vositalari borligi aniqlandi. Dorilarning taxminiy qiymati 20 million so‘mni tashkil etadi. Mazkur holat yuzasidan ham bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Namanganda 577 million so‘mlik hujjatsiz va sifati kafolatlanmagan dori vositalari aniqlangandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.