Toshkent shahar hokimligi «Paxtakor»ga 5 mlrd soʻm ajratadi
Toshkent shahar hokimligi shahar Rivojlantirish jamgʻarmasidan «Paxtakor» futbol klubiga 5 mlrd soʻm ajratishni maʼqulladi. Mablagʻlar tasdiqlangan smeta boʻyicha xarajatlarga yoʻnaltiriladi.

Toshkent hokimligi «Paxtakor»ga 5 mlrd soʻm ajratadi
Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov 2026 yil 29 oktyabrda «Paxtakor» futbol klubiga 5 mlrd soʻm ajratish toʻgʻrisidagi qarorni imzoladi. Moliyalashtirish poytaxt hokimligi huzuridagi Shaharni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Hujjatda «Paxtakor» FK» MCHJga klubning tasdiqlangan smetasiga muvofiq xarajatlarni qoplash uchun mablagʻ oʻtkazish nazarda tutilgan.
Yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha hokim oʻrinbosari, shuningdek, Toshkent shahar hokimligi «Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi» DUKning taklifi pul ajratishga asos boʻldi.
Qarorga koʻra, hokimning moliya, iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Dauletiyar Xudaybergenovga «Toshkent Invest kompaniyasi» AJ kuzatuv kengashi muhokamasiga klubga 5 mlrd soʻm oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifni kiritish topshirildi. Bundan tashqari, u kompaniya bilan birgalikda ushbu summani Toshkentni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlaridan ajratilishini taʼminlashi kerak.
Ahadim Razzoqov rahbarlik qilayotgan Munitsipal aktivlarni boshqarish markaziga ajratilayotgan mablagʻlar hisobidan ustav fondidagi oʻz ulushini oshirish va ulardan maqsadli foydalanishni taʼminlash topshirildi.

