Toshkent markazida yana bir «yashil to‘lqin» ishga tushirildi
«Yashil to‘lqin»da haydovchi harakatni yashil signalda boshlasa, belgilangan tezlik me’yoriga rioya qilib, bir maromda harakatlansa,

Toshkent markazida yana bir "yashil to‘lqin" tizimi ishga tushirildi. Endilikda Amir Temur xiyoboni atrofidagi 5 ta svetofor obyekti yagona "yashil to‘lqin" algoritmi asosida faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu tizim yo‘l harakatini tartibga solish va svetoforlar oldidagi keraksiz to‘xtashlarni kamaytirishga qaratilgan.
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi piyodalar xavfsizligini oshirish maqsadida xiyobon atrofi va unga tutash chorrahalarga 5 ta yangi svetofor o‘rnatgan edi. Hozirda bu svetoforlar o‘zaro sinxronlashtirildi.
Tizim ikki yo‘nalishda harakatni muvofiqlashtiradi. Misol uchun, Amir Temur va Buxoro ko‘chalari kesishmasida yashil chiroqda harakatni boshlagan haydovchi aylanma chorrahadan o‘tib, svetoforlarda to‘xtamasdan Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab Oloy bozori tomon harakatlanishi mumkin.
Qarama-qarshi yo‘nalishda ham, Temuriylar tarixi davlat muzeyi tomonidan harakatlanayotgan avtomobillar belgilangan shartlarga rioya qilgan holda aylanma chorrahadan o‘tib, Amir Temur va Buxoro ko‘chalari kesishmasigacha "yashil to‘lqin" rejimida harakatlana oladi.
"Yashil to‘lqin"da barcha svetoforlarda yashil chiroq bir vaqtda yonmaydi. Avtomobilning bir svetofordan keyingi svetoforga yetib borishi uchun zarur bo‘lgan vaqt hisobga olinib, yashil signallar ma’lum vaqt oralig‘ida navbatma-navbat yoqiladi.
Agar haydovchi harakatni yashil signalda boshlasa, belgilangan tezlik me’yoriga rioya qilsa va harakatni bir maromda davom ettirsa, keyingi svetoforlarga yashil signal yonib turgan vaqtda yetib borishi mumkin.
Mutaxassislar "yashil to‘lqin" tezlikni oshirish uchun emas, balki harakatni bir tekis va xavfsiz tashkil etish uchun joriy qilinganini ta’kidlamoqda.
Tizimdan samarali foydalanish uchun haydovchilarga yashil signalda harakatni boshlash, belgilangan tezlikka amal qilish, keskin tezlashish va tormoz berishdan saqlanish, xavfsiz masofani saqlash hamda piyodalarga yo‘l berish tavsiya etiladi.
Ayni paytda Amir Temur xiyobonidagi aylanma chorrahadan Maxtumquli ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘nalishni ham "yashil to‘lqin" tizimiga ulash algoritmi ishlab chiqilmoqda. Bu tizim qamrovini kengaytirib, mazkur yo‘nalishda harakatlanishni yanada qulaylashtirishi kutilmoqda.

