Mahalliy

Toshkent markazida 350 yil. «Moviy gumbazlar» xiyobonidagi daraxt tarixi

Toshkent markazida 350 yil. «Moviy gumbazlar» xiyobonidagi daraxt tarixi

Daraxtlar oʻtmish xotirasini saqlaydi. Ular oʻnlab, hatto yuzlab yillar yashab, turli davrlar va avlodlarni boshdan kechiradi, shaharlarni butunlay boshqacha qiyofada eslaydi. Koʻpchiligi allaqachon shahar landshaftining odatiy qismiga aylanib ulgurgan, garchi har bir yoʻlovchi ham ularning qanchalik koʻp narsaga guvoh boʻlgani haqida oʻylab koʻrmasa-da.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi qoʻmitasidan Daryo’ga maʼlum qilishlaricha, bugungi kunda Oʻzbekistonda yoshi 100 va undan ortiq boʻlgan 4,6 mingdan ziyod daraxt mavjud.

Ana shunday daraxtlardan biri — poytaxtning Yakkasaroy tumanidagi «Moviy gumbazlar» xiyobonida oʻsayotgan 350 yoshli oq tutdir. Bu yil Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashi ushbu daraxtni davlat tabiat yodgorligi deb eʼlon qildi.

Yangi maqom koʻhna tut daraxtiga yanada koʻproq eʼtibor qaratdi. Mutaxassislar daraxtni koʻzdan kechirib, uni asrab-avaylash va toʻgʻri parvarish qilishni taʼminlash uchun nimalar qilish kerakligini muhokama qilishdi.

Biroq ushbu «faxriy» daraxtga gʻamxoʻrlik qilish u tabiat yodgorligi maqomini olishidan ancha oldin boshlangan edi. Mutaxassislar va befarq boʻlmagan insonlar koʻhna daraxt atrofida qanday birlashgani, qanday qiyinchiliklarga duch kelishgani va uni asrab qolish uchun nimalar qilishayotgani haqida Daryo muxbiriga Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Xalqaro molekulyar allergologiya markazi (XMAM) direktori Gulnora Jambekova hamda ekolog va suv resurslari boʻyicha mutaxassis Nina Pikul soʻzlab berishdi.

### Ilmiy tadqiqotlardan — daraxtni qutqarishgacha

Gulnora Jambekovaning oq tutga boʻlgan qiziqishi Xalqaro molekulyar allergologiya markazi faoliyati davomida paydo boʻlgan. Markaz 2018 yilda tashkil etilgan boʻlib, uning yoʻnalishlaridan biri aerobiologik monitoring, yaʼni havoda oʻsimlik changlari va zamburugʻ sporalari mavjudligini oʻrganishdir.

Oʻtgan yilning bahorida Gulnora Jambekova daraxtning oʻzgarganini — tanasining bir qismi yoʻq boʻlib qolganini payqadi. Oʻshanda shunchaki kuzatishning oʻzi yetarli emasligi ayon boʻldi. Daraxtning holatini baholash va 350 yoshli tutni asrab qolish uchun nima qilish mumkinligini tushunish kerak edi.

Asta-sekin ishga boshqa mutaxassislar — dendrologlar, fitopatologlar, karantin xizmati xodimlari va obodonlashtirish mutaxassislari ham qoʻshildi. Shu tariqa, koʻhna daraxtga gʻamxoʻrlik qilish bir kishining ishi boʻlmay qoldi va uning atrofida turli kasb egalari birlashdi.

«Biz nima qilish kerakligini maslahat bera oladigan mutaxassislarni izladik. Natijada manfaatdor insonlardan iborat “Faxriy daraxt” tashabbuskor guruhi shakllandi», — deya eslaydi XMAM direktori.

Gulnora Jambekovaning soʻzlariga koʻra, avvaliga ekologlar qarshisidagi daraxt haqiqatan ham tut ekanligiga hatto ishonch hosil qilishmagan. Uning barglarida zararkunanda hasharotlar tomonidan yetkazilgan deb taxmin qilingan koʻplab shikastlanishlar aniqlangan. Shu sababli mutaxassislar daraxtga ishlov berishni boshlashgan. Shu bilan birga, guruh boshqa tut daraxtlarini ham kuzatib borgan.

Shikastlangan joylar zamburugʻ hosilalaridan tozalanib, soʻngra maxsus aralashmalar bilan ishlov berilgan. Ishda loy va turli preparatlar, jumladan, Bordo suyuqligidan foydalanilgan.

«Ular tufayli barglar va poʻstloq yuzasida yupqa himoya qatlami hosil boʻladi. U zamburugʻ sporalarini bostiradi va infektsiyaning oʻsimlik ichiga kirib borishiga yoʻl qoʻymaydi», — deb tushuntiradi Gulnora Jambekova.

Qishda ishlov berilgan joylar plyonka bilan yopilib, lenta bilan mahkamlangan. Mutaxassisning soʻzlariga koʻra, bu aralashma yomgʻir bilan yuvilib ketmasligi va sovuq tufayli shikastlanmasligi uchun qilingan. Shu yilning bahorida mutaxassislar daraxtni yana koʻzdan kechirib, ishlov berishdi. Shundan soʻng tutda yangi shoxlar paydo boʻldi. Daraxtni kuz va qishga tayyorlash uchun ushbu ishni yana bir bor takrorlash rejalashtirilmoqda.

### «Daraxt — bu tirik organizm»

Koʻhna tut tarixi ekologlarni umuman olganda keksa daraxtlarni qanday parvarish qilish kerakligiga eʼtibor qaratishga majbur qildi.

«Daraxt — bu tirik organizm. Biz tushunishimiz kerakki, barglar — uning qoʻllaridir. Ular ishlaydi, fotosintezda ishtirok etadi, quyosh nurini yutadi va shu tufayli daraxtga energiya beradi. Shuning uchun, biz zaruratsiz shox va barglarni olib tashlaganimizda, aslida daraxtni oziqlanish va tiklanish imkoniyatlarining bir qismidan mahrum qilamiz», — deb tushuntirdi Nina Pikul.

Ekspert, shuningdek, yosh va keksa daraxtlarni turlicha parvarish qilish kerakligini taʼkidladi. Bu nafaqat butash, balki sugʻorish va oziqlantirishga ham tegishli.

«Ularning ehtiyojlari turlicha. Daraxtni qachon sugʻorish, nima bilan oziqlantirish va qaysi shoxlarni olib tashlash kerakligini tushunish lozim», — dedi u.

«Faxriy daraxt» guruhining fikricha, bu bilimlar ayniqsa obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish bilan shugʻullanuvchi xodimlar uchun juda muhimdir.

### Daraxtlarni parvarish qilish mutaxassislarini oʻqitish zarur

Gulnora Jambekovaning soʻzlariga koʻra, muammolardan biri shundaki, koʻchatlarni parvarish qilayotgan xodimlarning hammasi ham maxsus tayyorgarlikka ega emas. Shu bolatdan u bunday xodimlarni oʻqitishni zarur deb hisoblaydi.

«Daraxtlarni qanday toʻgʻri butash kerakligini, buni qaysi vaqtda qilish lozimligini, qaysi shoxlarni olib tashlash mumkinligini va qaysilarini mumkin emasligini tushuntirish kerak. Insonga shunchaki “Daraxtni buta” deb aytib boʻlmaydi», — deya taʼkidladi u.

Uning soʻzlariga koʻra, bu haqda oddiy aholiga ham soʻzlab berish muhim. Taʼlim tadbirlarida maktab oʻquvchilari, talabalar, keksalar va boshqa shaharliklar ishtirok etishlari mumkin boʻladi.

XMAM direktori bunday yondashuvni ekologik savodxonlik deb ataydi. U, shuningdek, aholini daraxtlarni kuzatishga jalb qilish mumkin deb hisoblaydi. Odamlar muammolarni payqab, bu haqda mutaxassislarga xabar berishlari mumkin boʻladi.

Mutaxassislarning ishi rasmiy darajada ham davom etdi. 2026 yilning yanvarida tashabbuskor guruh Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimovga murojaat qildi. Ekologlar daraxtni Oʻzbekistonning monumental daraxtlari reyestriga kiritishni va uning holatini muntazam kuzatib borishni tashkil etishni soʻrashdi.

Murojaat mualliflari 350 yoshli tut nafaqat tabiiy, balki tarixiy qiymatga ham ega ekanligini taʼkidlashdi. Ularning fikricha, bu Toshkent merosining bir qismi boʻlib, uni kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash zarur.

### Koʻhna tutni qanday himoya qilmoqchilar

Mutaxassislar daraxtni jismoniy himoya qilish haqida alohida gapirishmoqda. Jambekova va Pikulning soʻzlariga koʻra, tut atrofiga imkon qadar tezroq toʻsiq oʻrnatish zarur. Bu tasodifiy shikastlanish xavfini kamaytirishga yordam beradi.

Yana bir masala — axborot taxtachasi. Mutaxassislarning fikricha, u yaxshi koʻrinadigan boʻlishi va uch tilda maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi kerak. Inson qarshisida shunchaki katta keksa daraxt emas, balki asrab-avaylanishi kerak boʻlgan tabiat obʼyekti turganini tushunishi lozim.

Tashabbuskor guruh aʼzolari, shuningdek, bevosita daraxt tanasi atrofiga gullar ekmaslikni taklif qilishmoqda. Buning oʻrniga, ularning fikricha, daraxt poyidagi yerni mulcha bilan qoplash mumkin. Masalan, bu maydalangan yogʻoch, yogʻoch qipigʻi, poʻstloq, quruq barglar yoki kompost boʻlishi mumkin.

### Mutaxassislar keksa daraxtni oqlashni tavsiya etishmaydi

Mutaxassislar oqlash masalasini alohida muhokama qilishdi. Gulnora Sulaymonovnaning fikricha, yosh daraxtlarni oqlash mumkin, ammo bunday keksa tut uchun bu jarayon kerak emas. Buning oʻrniga u shikastlangan joylarning holatini kuzatib borishni, ularni tozalashni va zarurat tugʻilganda maxsus aralashmalar bilan ishlov berishni taklif qiladi.

Uning soʻzlariga koʻra, kuz va qish oldidan daraxtni yana koʻzdan kechirish va agar kerak boʻlsa, shikastlangan joylarga ishlov berish lozim.

### «Biz uni tashlab qoʻymoqchi emasmiz»

Hozirda mutaxassislar 350 yoshli tutning holatini kuzatishda davom etishmoqda. Gulnora Jambekovaning aytishicha, shikastlanishdan keyin yangi shoxlarning paydo boʻlishi muhim belgi boʻldi. Bu daraxtni parvarish qilishni davom ettirish kerakligini koʻrsatadi.

«Biz uni kuzatishda davom etyapmiz va tashlab qoʻymoqchi emasmiz», — deydi ekologlar.

Mutaxassislarning soʻzlariga koʻra, endilikda nafaqat daraxtning oʻzi tiklanishiga yordam berish, balki odamlar tomonidan unga qoʻshimcha shikast yetkazilmasligi va notoʻgʻri parvarish tufayli zarar koʻrmasligi uchun sharoit yaratish muhimdir.

Ushbu tut tarixi shuni koʻrsatadiki: keksa daraxtni asrab qolish uchun faqatgina muhofaza maqomining oʻzi yetarli emas. Unga doimiy parvarish, malakali mutaxassislar va odamlarning eʼtibori zarur.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.