Toshkent issiqlik elektr stantsiyasida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati oʻrganildi
Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining ishchi guruhi Toshkent issiqlik elektr stantsiyasi faoliyati bilan yaqindan

Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining ishchi guruhi Toshkent issiqlik elektr stantsiyasida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatini oʻrgandi.
Ishchi guruh korxonaning joriy kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi, asosiy uskunalarning texnik holati, isitish mavsumida stantsiyaning barqaror va xavfsiz faoliyat yuritishini taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar, shuningdek, filtrlarning texnik holati, ulardan samarali foydalanish darajasi va texnik xizmat koʻrsatilishini atroflicha koʻrib chiqdi.
Oʻrganish jarayonida chang-gaz tozalash tizimlarini kelgusida modernizatsiya qilish masalalari ham muhokama qilindi. Uskunalarni bosqichma-bosqich yangilash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, tozalash samaradorligini oshirish va atmosfera havosiga salbiy taʼsirni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi. Bundan tashqari, ishchi guruh 9 va 10-energobloklarda yangi filtrlash uskunalarini qurish jarayonini ham koʻzdan kechirdi.
Shuningdek, ishchi guruh korxonada ekologik talablarga rioya etish va kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ekologik xavflarning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan choralarni ham oʻrgandi.
Oʻrganish yakunlari boʻyicha masʼul mutaxassislarga tegishli tavsiyalar berildi. Amaldagi tozalash tizimlarining ishonchli ishlashini taʼminlash, uskunalarga oʻz vaqtida texnik xizmat koʻrsatish hamda ularni kelgusida modernizatsiya qilish boʻyicha ishlarni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratish tavsiya etildi.
Bunday profilaktik tadbirlar sanoat korxonalarining ekologik xavfsizligini oshirish, atmosfera havosiga salbiy taʼsirni kamaytirish hamda kuz-qish mavsumi boshlanishidan oldin yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ekologik xavflarning oldini olishga xizmat qiladi.

