Toshkent Boku bilan investitsiyaviy hamkorlik yo‘nalishini chuqurlashtirmoqda: Ilhom Aliyev tashrifi yakunlari
23-avgust kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev davlat tashrifi bilan Toshkentga keldi. Bu uning so‘nggi

Toshkent va Boku investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirmoqda: Ilhom Aliyev tashrifi yakunlari
23-avgust kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev davlat tashrifi bilan Toshkentga keldi. Bu uning so‘nggi besh yil ichidagi yettinchi tashrifi bo‘ldi. Ushbu tashrifda siyosiy kelishuvlar bilan bir qatorda, investitsiyaviy hamkorlikni amaliy jihatdan kengaytirish masalalari muhim o‘rin egalladi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha tomonlar ikki tomonlama munosabatlarning yangi yo‘l xaritasini tasdiqladilar, 2030-yilgacha tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadini belgiladilar hamda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi qator loyihalarni ishga tushirdilar.
Toshkentda Ozarbayjon va O‘zbekiston Oliy davlatlararo kengashining uchinchi yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish yakunida tomonlar hujjatlar to‘plamini imzoladilar va yangi loyihalarning ochilishi hamda ularga tamal toshi qo‘yilishi marosimida onlayn formatda ishtirok etdilar.
**Kelishuvlardan loyihalarga**
Ozarbayjon kapitali ishtirokida O‘zbekistonda qariyb o‘nta obyektning ochilish marosimi va ularga tamal toshi qo‘yish tadbirlari o‘tkazildi. Bular orasida bank sektori, sanoat, energetika, turizm va agrosanoat yo‘nalishlaridagi loyihalar mavjud. Jumladan, Ozarbayjon Xalqaro banki (ABB) 100 million dollar evaziga Davr Bank aksiyalarining 51 foizini sotib oldi.
Bundan tashqari, "Matanat-A" gips zavodi loyihasi, SOCAR avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini rivojlantirish, sohil bo‘yida turar joy va kurort majmuasini barpo etish, tarkibida kumush bo‘lgan rudani boyitish fabrikasi hamda mevali bog‘lar barpo etishga qaratilgan agroloyiha taqdim etildi. Shu tariqa, ikki mamlakatning investitsiyaviy kun tartibi asta-sekin alohida kelishuvlar doirasidan chiqib, yanada keng qamrovli loyiha yo‘nalishiga ega bo‘lmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, qo‘shma investitsiyalarni bevosita qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil etilgan mexanizm — Ozarbayjon-O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi (AUIC) ham alohida ahamiyat kasb etmoqda.
**Investitsiyaviy hamkorlik vositasi**
Ikki tomonlama investitsiyalarning asosiy vositalaridan biri Ozarbayjon-O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi (AUIC) bo‘lib qolmoqda. Bu ustav kapitali 500 million dollarni tashkil etuvchi qo‘shma fonddir. Uning vazifasi O‘zbekiston va Ozarbayjondagi loyihalarni moliyalashtirish orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishdan iborat. Tashrif davomida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev AUICni Ozarbayjonning boshqa davlatlar bilan hamkorligidagi shu kabi formatlar orasida "eng samarali va natijaga yo‘naltirilgan" fond deb atadi.
"Ozarbayjonning turli mamlakatlar bilan shunga o‘xshash hamkorlik formatlari mavjud. Ammo, men aytgan bo‘lardimki, eng samarali va natijaga yo‘naltirilgan fond aynan O‘zbekiston-Ozarbayjon fondidir", — dedi Ilhom Aliyev.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, AUIC kapitalining 500 million dollaridan qariyb 160 million dollari allaqachon loyihalar o‘rtasida taqsimlangan. Shunday qilib, AUIC kapitalning yagona manbai emas, balki ikki mamlakatning kengroq investitsiyaviy kun tartibidagi vositalardan biridir.
**AUIC portfeli qanday shakllanmoqda?**
Kompaniya bosh direktorining o‘rinbosari Sardor Habibullayevning so‘zlariga ko‘ra, tasdiqlangan bitimlar allaqachon fond kapitalining qariyb uchdan bir qismini qamrab olgan:
"Tasdiqlangan bitimlar fond kapitalining qariyb uchdan bir qismini qamrab olmoqda. Yangi loyihalarning asosiy qismi ikki iqtisodiyot manfaatlari eng yaqqol kesishadigan sohalarda shakllanmoqda — sanoatni mahalliylashtirish va logistika yo‘nalishlaridan tortib, raqamli infratuzilma, ta’lim va chakana savdogacha".
Kelgusida kompaniya O‘zbekiston va Ozarbayjonda yiliga 15 tagacha bitimni amalga oshirish orqali investitsiyaviy faolligini yanada oshirishni rejalashtirmoqda.

