Toshkent aeroportidagi samolyotlarga yonilg‘i quyish majmuasi savdoga qo‘yildi

Toshkent aeroportidagi samolyotlarga yonilg‘i quyish majmuasi savdoga chiqarildi
Toshkent aeroportida samolyotlarga aviayonilg‘i quyish majmuasi sotuvga qo‘yildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lum qildi.
Majmua Sergeli tumanida, Qumariq ko‘chasida joylashgan bo‘lib, uning umumiy yer maydoni 11 gektar, bino va inshootlar maydoni esa 6076 kvadrat metrni tashkil etadi (gaz, suv va elektr tarmog‘i mavjud). Xususiylashtirish jarayonini samarali tashkil etish uchun Ernst and Young xalqaro kompaniyasi konsultant sifatida jalb etilgan.
Xususiylashtirish jarayoni mahalliy va xalqaro ishtirokchilar uchun ochiq bo‘lib, ikki bosqichda amalga oshiriladi: sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish (EoI); majburiyatga ega bo‘lgan takliflar taqdim etish (BO).
Barcha arizalar belgilangan mezonlarga, jumladan, moliyaviy resurslarning yetarliligi va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiqligi bo‘yicha tekshiriladi.
Talabgorda obyektni sotib olish uchun moliyaviy resurslar yetarli bo‘lishi kerak.
Talabgor va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek, yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilmagan bo‘lishi lozim.
Arizalar 23-oktyabr, Toshkent vaqti bilan soat 23:59 gacha qabul qilinadi.

