Mahalliy

Toshkent aeroportida fuqaro kannabis moyini yashirincha olib o‘tmoqchi bo‘ldi

Toshkent aeroportida bir fuqaro kannabis moyini yashirincha olib o‘tishga uringan. Davlat Xavfsizlik Xizmati (DXX) va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida tarkibida psixoaktiv va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan mahsulotlar fosh etildi.

Toshkent xalqaro aeroportida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bangkok—Toshkent yo‘nalishida uchib kelgan fuqaroning yuklari rentgen apparati orqali tekshirilganda, yuklar orasida shubhali oziq-ovqat mahsulotlari borligi aniqlanib, ular ochib ko‘rilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi, 2002-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan ushbu shaxs turli oziq-ovqat mahsulotlari niqobi ostida 978 gramm kannabis moyi va tarkibida psixoaktiv modda bo‘lgan taxminiy og‘irligi 500 gramm bo‘lgan qo‘ziqorinlarni kelgusida sotish maqsadida olib kelgan.

Boshqa bir holatda esa Toshkent tumani hududida harakatlanayotgan Damas avtomobili to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Farg‘ona viloyatining Oltiariq hamda Uchko‘prik tumanlarida yashovchi, 1987 va 1989-yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxsga tegishli polietilen paketlarda tarkibida sibutramin kuchli ta’sir qiluvchi moddasi bo‘lgan 12 992 dona kofe mahsulotlari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Aniqlanishicha, ular qo‘shni respublikadan olib kelingan ushbu mahsulotlarni kelgusida Farg‘ona viloyatida sotmoqchi bo‘lgan.

Hozirda har ikki holat bo‘yicha qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan avval Tailanddan tranzit yo‘nalishlar orqali O‘zbekistonga 34 kilodan ortiq giyohvandlik vositalarini olib kirishga urinish fosh etilgandi. Unda Vyetnam, Janubiy Koreya, BAA va Hindistondan olib o‘tilgan narkotiklar Toshkentga yetib kelganida to‘xtatilgan. Ushbu transmilliy jinoiy guruh faoliyati Ramzan nomi ostidagi shaxs tomonidan boshqarilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.