Siyosat

To‘qayev prezidentlik saylovida ishtirok etish borasidagi savolga javob berdi

To‘qayev prezidentlik saylovida ishtirok etish masalasiga javob berdi

Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudi davlat rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayevning yangi Konstitutsiya kuchga kirishi munosabati bilan qayta saylanish huquqiga ega ekanligini e’lon qilgan edi. Prezidentning o‘zi ushbu qarorga munosabat bildirdi.

Jurnalist Qozog‘iston rahbaridan "2029-yilgi prezidentlik saylovlarida o‘z nomzodingizni ko‘rsatish huquqidan foydalanasizmi yoki muddatidan oldin saylov o‘tkaziladimi?" deb so‘radi. To‘qayev bu borada gapirishga hali erta ekanini ta’kidladi.

"Konstitutsiyaviy sud shunday qaror qabul qildi. Bu qonuniy va qayta saylanish huquqiga egaman. Ammo bo‘lajak saylovlarga kelsak yoki siz aytganingizdek, qaysi yilda saylovga nomzodimni ko‘rsataman yoki ko‘rsatmayman, bu haqda gapirishga hali erta", dedi u.

Qozog‘iston rahbari buni "mamlakat oldida juda ko‘p vazifalar turgani" bilan izohladi. Xususan, u amalda butun Qozog‘istonni katta qurilish maydoniga aylantirish kerakligini, birinchi navbatda, bu fuqarolar uchun ijtimoiy obyektlar qurilishiga taalluqli ekanini aytdi. U buning uchun Milliy fonddan mablag‘ ajratishga tayyorligini bildirdi.

"Nega biz pullarni xalq farovonligi yo‘lida foydalanish mumkin bo‘lgan bir paytda xorijdagi qimmatli qog‘ozlarda ushlab turishimiz kerak? Men bu pullar ustida pichan bosgan itdek o‘tirishga qarshiman. Ya’ni ular xalqqa, fuqarolarimizga xizmat qilishi kerak. Tabiiyki, dunyodagi vaziyat tahlil va e’tiborni talab qiladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, jar yoqasidan boryapmiz, shunga qaramay, tinch ichki sharoitlarni ta’minlay oldik, bu esa bizga rivojlanish imkonini berdi. Iqtisodiy o‘sish aniq, u obyektiv va asosiy xalqaro moliya institutlari tomonidan tasdiqlangan", dedi To‘qayev.

U prezidentlik saylovida ishtirok etishi borasida, ehtimol, kelgusida aniq javob berishini ta’kidladi. Ma’lumot uchun, 23-avgust kuni Qozog‘istonda bir palatali parlament — Qurultoyga saylovlar boshlandi. Qozog‘istonning ikki palatali parlamenti 30-iyun kuni o‘z ishini rasman yakunlagandi.

Islohot qo‘shni respublikaning siyosiy tizimini tubdan o‘zgartiradi: ikki palatali parlament — Senat va Majlis o‘rniga bir palatali Qurultoy tashkil etildi. Vitse-prezident lavozimi qaytarildi, yangi maslahat organi — Xalq kengashi paydo bo‘ladi, uning a’zolari prezident tomonidan tayinlanishi kutilmoqda.

Mamlakatda 1-iyuldan boshlab yangi Konstitutsiya kuchga kirgandi. Mart oyida qariyb 90 foiz ovoz bilan uning loyihasi ma’qullangan. Yangi Konstitutsiya amaldagi prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayevga yana davlat rahbari saylovida ishtirok etish imkonini beradi. Sababi 1995-yilgi Konstitutsiya bo‘yicha ayrim davlat lavozimlarini egallagan shaxslar yangi Konstitutsiya kuchga kirganidan keyin tegishli lavozimlarga qayta saylanishi yoki tayinlanishi mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.