Siyosat

To‘qayev darsliklardan “soxta qahramonlar” va to‘qima jasoratlarni olib tashlashni buyurdi

To‘qayev darsliklardan "soxta qahramonlar" va to‘qima jasoratlarni olib tashlashni buyurdi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev ishonchsiz tarixiy ma’lumotlar berilgan o‘quv materiallarini qayta ko‘rib chiqishni topshirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, maktab o‘quvchilariga aslida bo‘lmagan qahramonlar va voqealar haqidagi afsonalar o‘qitilmasligi kerak, deb xabar berdi “Exclusive.kz”.

Davlat rahbari avvalroq hukumat maktab darsliklarida 700 dan ortiq qo‘pol xatolik aniqlangani haqida xabar berganini eslatib o‘tdi. Prezidentning fikricha, bunday kamchiliklar ta’lim sifatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

“Bolalarga qandaydir uydirma qahramonlar va ularning aslida bo‘lmagan jasoratlari haqida afsonalar so‘zlab berilmoqda. Bolalarni yolg‘on, soxtalashtirilgan ma’lumotlarni tarqatish orqali vatanparvarlik ruhida tarbiyalash xalqimizning ma’naviy o‘zagiga putur yetkazishi muqarrar”, dedi prezident.

To‘qayev vatanparvarlik tarbiyasi tarixiy faktlarni buzib ko‘rsatishga asoslanmasligi lozimligini ta’kidlagan. Uning aytishicha, yoshlar o‘z xalqining tarixini to‘g‘ri tushunishi va ayni paytda kelajakka ishonch bilan qarashi kerak.

Shuningdek, prezident qozoqlarni “hamisha motam tutuvchi millat” sifatida ko‘rsatishdan voz kechishga chaqirgan. U misol tariqasida adabiyotda keng tarqalgan va qayg‘u yoki sog‘inch ma’nolarini anglatadigan “mұң” so‘zini keltirgan.

“Ba’zi adiblarimiz mұң so‘zini sevib qolishgan: jүregimde mұң, kөzimde mұң! Qayg‘u — yoshlarimiz uchun yomon hamroh. Buni sizga aniq aytaman”, dedi To‘qayev.

Davlat rahbarining fikricha, yosh qozoqlar “yechib bo‘lmaydigan vazifaning o‘zi yo‘q, qiyinchiliklarni esa yengish mumkin”, degan ishonch bilan ulg‘ayishi kerak.

“Biz kuchli va bunyodkor millat bo‘lishimiz lozim. Yoshlarga befarqlik va tushkunlik begona bo‘lishi kerak”, degan Qozog‘iston prezidenti.

Avvalroq Qosim-Jo‘mart To‘qayev erkaklarning quchoqlashib, o‘pishish odatini tanqid qilib, milliy odob-axloq qoidalariga rioya etishga chaqirgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.