Tom Xolland eng kassabop aktyorlar reytingida uchinchi o‘ringa ko‘tarildi

Tom Xolland eng ko‘p daromad keltirgan aktyorlar ro‘yxatida uchinchi o‘ringa ko‘tarildi.
"O‘rgimchak-odam" franshizasining yulduzi Tom Xolland ishtirokidagi loyihalar jahon prokatida jami 14,7 milliard dollar atrofida daromad keltirdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, aktyor eng kassabop aktyorlar ro‘yxatida uchinchi pog‘onani egalladi.
Hozirda undan yuqori o‘rinlarda Zoe Saldana va Skarlett Yoxansson joylashgan. Saldana joriy yil boshida chiqqan "Avatar: Olov va kul" filmining muvaffaqiyati tufayli reyting peshqadamiga aylangan edi – uning ishtirokidagi filmlar jami 15,46 milliard dollardan ortiq mablag‘ to‘plagan.
Tomning ro‘yxatda sezilarli darajada yuqoriga ko‘tarilishiga joriy yildagi ikki shov-shuvli film – "Odisseya" va "O‘rgimchak-odam: Yangi kun" katta yordam berdi. Har ikkala film ham jahon prokatida bir milliard dollarlik chegarani bosib o‘tdi. Avgust oyi o‘rtalaridayoq g‘arb ommaviy axborot vositalari yangi "O‘rgimchak-odam"ning yakuniy tushumlaridan so‘ng aktyor reytingda yetakchilar qatoriga qo‘shila olishini taxmin qilgan edi.
Aktyor bunday natija uchun Marvel studiyasidan minnatdor. Uning filmografiyasida eng ko‘p daromad keltirgan filmlar – "Qasoskorlar: Abadiyat jangi" va "Qasoskorlar: Intiho", shuningdek, O‘rgimchak-odam haqidagi avvalgi uchta muvaffaqiyatli film joy olgan.
Eslatib o‘tamiz, "O‘rgimchak odam: Yangi kun" kinokartinasi ilk haftadayoq 1,1 milliard dollardan ortiq mablag‘ to‘plab, 2026-yilning eng kassabop filmiga aylangani ma’lum qilingan edi.

