Layfstayl

Tom Hardi 49 yoshda: bir paytlar ashaddiy giyohvand bo‘lgan yigit qanday qilib Gollivud yulduziga aylandi?

Tom Hardi 49 yoshda: bir paytlar ashaddiy giyohvand bo‘lgan yigit qanday qilib Gollivud yulduziga aylandi?

Bugun britaniyalik aktyor Tom Hardi 49 yoshini nishonlamoqda. Gollivud “yomon yigitlar”ni yaxshi ko‘radi. Shu ma’noda tan olingan “yomon yigit” Tom Hardi abadiy e’tirofga umid qilishi mumkin. Uning “Momaqaldiroq dovoni” filmidagi yovuz Xitkliff va O‘rgimchak odam olamidagi maxluq Venom rollari bejiz muvaffaqiyat qozonmagan.

Tom Hardining ota-onasi — rassom Enn va yozuvchi Eduard — yolg‘iz o‘g‘lini ijodiy muhitda tarbiyalashga urinishlari nimalarga olib kelishini ehtimol tasavvur ham qilmagan. Bir tomondan, aynan shu muhit tufayli Tom aktyorlik iste’dodini erta namoyon etdi. U “Rids” va “Tauer Haus” maktablarini tugatdi, Richmond teatr maktabida o‘qidi va London drama markaziga qabul qilindi. Boshqa tomondan esa u o‘smirlik davridayoq ichkilik va giyohvand moddalarga ruju qo‘ydi.

Tom haqiqatan ham pichoq tig‘ida yurgan: bir necha bor avtomobil o‘g‘irlagani, ruxsatsiz qurol olib yurgani yoki taqiqlangan moddalar sabab politsiya bo‘limiga tushgan, ammo mo‘jiza tufayli qamoq jazosidan qutulib qolgan. Hardi go‘yo tayanch nuqtasini topish uchun eng tubiga qulashga intilayotgandek edi. Bu tayanch esa hayotining eng og‘ir pallasida, Tom tom ma’noda o‘lim bilan yuzma-yuz kelganida topildi. U bu haqda go‘yo og‘ir iqror bilan aybini yuvmoqchidek, ochiq va dangal so‘zlaydi:

“Ba’zilar 25 yoshida Hindistonga borib qolishadi, men esa Old-Kompton-stritda, kokain ta’sirida qonga belangan holda yotardim.”

U reabilitatsiya markazida qaramlikdan davolanish kursini o‘tdi va asta-sekin hayotga qayta boshladi. U o‘tmishini yashirmaydi, intervyularda tarjimayi holining hatto eng xunuk jihatlari haqida ham ochiq gapiradi.

Ish ham, shubhasiz, terapevtik ta’sir ko‘rsatdi, shu sabab Tom o‘zini butunlay ishga bag‘ishladi. Harbiy dramalardagi bir nechta rollardan keyin u meksikalik aktyor Gael Garsiya Bernal bilan birga “I ustidagi nuqtalar” nomli mustaqil filmda suratga tushdi. Shu roldan so‘ng unga “Simon: Ingliz legioneri” filmida rol taklif qilindi va buning uchun Hardi vaqtincha Shimoliy Afrikaga ko‘chib o‘tdi.

O‘sha yili u o‘zining ilk ko‘zga ko‘ringan rolini — “Yulduzlar yo‘li: Qasos” filmida “Enterprayz” kapitani Jan-Lyuk Pikarning kloni Reman Pretor Shinzon obrazini ijro etdi. Tom kinodagi karyera uchun faqat kelishgan tashqi ko‘rinish va iste’dod yetarli emasligini, buning uchun o‘lgudek ishlash, jismoniy va aqliy imkoniyatlarni charxlash kerakligini anglab yetdi.

U muvaffaqiyatga erisha olishini atrofdagilarga ham, o‘ziga ham isbotlashga qaror qildi. Hardi har bir rol ustida jon kuydirib ishlaydigan aktyorlardan biriga aylandi. U o‘sha yagona, mukammal kadr chiqmaguncha cheksiz dubllarga chidashga tayyor edi.

“Otam men bilan faxrlanishini xohlagandim va o‘zimni aktyorlikka urdim, chunki boshqa hech narsa qo‘limdan kelmasdi. Aynan aktyorlikda men rioya qilishni xohlagan, har kuni bo‘ysunishni yaxshi ko‘radigan intizomni topdim”, degandi Tom.

2003-yilda Hardi o‘z qaramliklaridan butunlay xalos bo‘ldi va sahnada sezilarli muvaffaqiyatlarga erishdi. U “London Evening Standard Theatre Award” teatr mukofoti bilan taqdirlandi va keyingi yili “In Arabia, We’d All Be Kings” spektaklidagi ijrosi uchun eng umidbaxsh debyut nominatsiyasida Lourens Olive mukofotiga nomzod bo‘ldi.

U “Bokira qirolicha” filmida suratga tushdi, Gay Richining “Rok-n-rollchi” komediyasida rol o‘ynadi. Ammo unga haqiqiy shon-shuhrat “Bronson” filmidagi roli orqali keldi. Bu filmda Hardi umrining ko‘p qismini bir kishilik kamerada o‘tkazgan va eng xavfli jinoyatchilardan biri hisoblangan mahbus Charlz Bronson obrazini yaratdi.

“Men ichardim va taqiqlangan moddalarni qabul qilardim. Ertalablari uyg‘onolganimdan hayratda qolardim. Har kuni bir xil ahvol — yaqinlarimdan xulq-atvorim uchun uzr so‘rardim, nima qilib qo‘yganimni tushunsam-da, yana davom ettiraverardim”, deb eslaydi Tom Hardi.

Rolga yaxshiroq kirishish uchun Hardi bir necha bor qamoqxonadagi haqiqiy Bronsonning yoniga bordi, garchi xavfsizlik nuqtayi nazaridan jinoyatchini hatto uchrashuvlar xonasiga ham kiritishmagan bo‘lsa-da. Shuningdek, rol uchun Tom 19 kilogramm mushak massasini yig‘ishga majbur bo‘ldi. Tanqidchilarning e’tirofi esa uning mukofoti bo‘ldi.

“Bronson”dan keyin Hardi tomoshabinlar mehrini qozongan yanada yorqin rollarni ijro etdi: “Momaqaldiroq dovoni”, “Muqaddima”, “Jangchi”, “Qora ritsar: Afsonaning qaytishi”, “Telba Maks: G‘azab yo‘li”, “Venom”. Tom har bir filmga avvalgidek katta ishtiyoq bilan tayyorgarlik ko‘rardi. Xususan, “Jangchi” filmini suratga olishdan oldin Hardi murabbiy qo‘l ostida maxsus dasturni o‘tdi, unga ko‘ra mashg‘ulotlar ertalab soat 7 da boshlanib, tunda tugardi. U boks, xoreografiya va jang san’atining bir necha turlari bilan shug‘ullangan.

Zararli odatlari sabab u shaxsiy hayotida ham ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydi. 1999-yilda aktyor Sara Uordga uylandi, ammo ularning nikohi uzoq davom etmadi. Ushbu munosabatlardan so‘ng Tomning Reychel Spid bilan ishqiy aloqalari boshlandi va undan Lui Hardi ismli o‘g‘il ko‘rdi. Garchi ular Reychel bilan ajralgan bo‘lsa-da, Hardi otalik uni butunlay o‘zgartirganini, hayotga qarashlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur qilganini aytadi.

Agar ilgari u otasi u bilan faxrlanishini orzu qilgan bo‘lsa, endi o‘g‘lining e’tirofini qozonishni istaydi.

Tomning ta’kidlashicha, o‘g‘li Lui unga xudbinlikdan voz kechish vaqti kelganini eslatib turish uchun yuborilgan ne’matdir. Tom o‘g‘li bilan iloji boricha ko‘proq vaqt o‘tkazishga harakat qiladi:

“Men o‘z ishimni yaxshi ko‘raman, lekin dada bo‘lishni ko‘proq yoqtiraman. Agar ishni tezroq bajarib, ko‘proq pul topish imkoni bo‘lsa, safarlarga qisqaroq muddatga ketishim yoki oilamni o‘zim bilan olib ketishim mumkin bo‘ladi.”

2009-yilda “Momaqaldiroq dovoni” filmining suratga olish jarayonida u aktrisa Sharlotta Rayli bilan tanishdi. Tez orada ularning qahramonlari o‘rtasidagi ishqiy munosabatlar real hayotga ko‘chdi. Juftlik unashtirildi, turmush qurdi va ikki farzandli bo‘ldi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.