Dunyo

“Tolibon” yolgʻiz sayohat qilgan xorijlik ayolni hibsdan ozod etdi

“Tolibon” yolgʻiz sayohat qilgan xorijlik ayolni hibsdan ozod etdi

Afg‘onistonda ayol sifatida yolg‘iz sayohat qilgani uchun hibsga olingan hindistonlik kontent yaratuvchisi “Tolibon” hibsxonasidan ozod qilindi.

Gap Instagram’da 1,2 milliondan ortiq, YouTube’da esa 733 mingdan ortiq obunachiga ega Arunima IP haqida bormoqda. U 14-sentyabr kuni yolg‘iz sayohat qilgani uchun “Tolibon” tomonidan ushlangan. Hindiston fuqarosi bundan taxminan ikki hafta oldin Afg‘onistonga sayohat maqsadida borgan.

U 14-sentyabr kuni o‘zining SOS xabarida “Iltimos, Hindiston elchixonasi bilan bog‘lanishga yordam bering”, deb yozgan. Oradan taxminan 24 soat o‘tib, Instagram’da “Men endi xavfsizman” degan xabarni joylashtirgan. Arunima har kuni Afg‘onistondagi bozorlar va chekka qishloqlarga qilgan sayohatlari haqida YouTube’da videolar e’lon qilgan.

Afg‘onistonda ayollarga faqat ko‘zlarini ko‘rsatishga ruxsat beriladi. Men yuzimni ko‘rsata olaman, chunki boshqa mamlakatdan kelgan ayolman, aks holda yuzimni ham yopishimga to‘g‘ri kelardi, deb yozgan u Instagram’dagi postlaridan birida.

O‘tgan hafta Arunima e’lon qilgan videoda uni “Tolibon” deb tanishtirilgan qurolli shaxslar to‘xtatgani aks etgan.

Afg‘onistonda bizni har bir nazorat-o‘tkazish punktida shunday so‘roq qilishadi, degan u.

Miltiq ko‘targan erkaklar Arunimadan hujjatlarini so‘ragan va u ularga Hindiston pasportini bergan. Uning aytishicha, 14-sentyabr kuni uni to‘xtatgan shaxslar sayohat hujjatlarini o‘qiy olmagan. Ular Arunimaga yolg‘iz sayohat qilmaslikni mamlakatning turli viloyatlari bo‘ylab harakatlanish uchun maxsus ruxsatnoma olishni maslahat bergan.

Men bir necha soat davomida shunday asabiylashdimki, hatto o‘lib qolishim mumkin deb o‘yladim. Juda qo‘rqib ketdim. Kechqurun yuk mashinasiga o‘tirib, Bomiyonga yetib bordim. Mashinadan tushishim bilanoq odamlar men tomon kela boshladi, chunki Afg‘onistonda ayol kishi odatda tunda yolg‘iz yurmaydi, dedi u.

Arunima mamlakatning Jalolobod kabi chekka viloyatlariga sayohat qilib, yuzlari va tanasi to‘liq yopilgan afg‘on ayollarini tasvirga olgan. Kontent yaratuvchisi “Tolibon” nima uchun uning yolg‘iz sayohat qilayotganini bilgan holda viza bergani va keyin uni hibsga olganiga tushunmagan.

Ularning qonuniga ko‘ra, men qoidalarni buzgan ekanman. Ular meni hibsga olishlarini aytishdi. Bu yerda “Tolibon”ning har bir a’zosi politsiyachiga o‘xshaydi. Ular xohlagan ishini qilishi mumkin. Men ulardan meni deportatsiya qilishlarini so‘radim. Jinoyatim nima edi? Men ayollarga yolg‘iz sayohat qilish taqiqlangan mamlakatda ayol sifatida yolg‘iz sayohat qilganim, dedi u o‘z videosida.

Keyinchalik Hindiston elchixonasi unga qo‘ng‘iroq qilib, Arunimani Kobulga xavfsiz olib borishni tashkillashtirgan. Natijada u elchixona ko‘magida Hindistonga ketgan. Aksariyat davlatlar o‘z fuqarolariga Afg‘onistonga bormaslikni tavsiya qiladi, chunki mamlakatdagi vaziyat sayohat qilish uchun xavfsiz emas. Shunga qaramay, ko‘plab kontent yaratuvchilar dunyodagi eng qattiq cheklovlar mavjud hududlardan biriga sayohatini yoritish uchun bu ogohlantirishlarni e’tiborsiz qoldirmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.