Siyosat

“Tolibon” AQSHni Afg‘onistonga qaytishga chaqirdi

"Tolibon" harakati AQSHni Afg‘onistonga qaytishga chorlamoqda, biroq bu safar harbiy kuchlar emas, balki diplomatlar va sarmoyadorlar kutilmoqda. Bu chaqiriq AQSH kuchlari Afg‘onistonni tark etganidan besh yil o‘tib yangramoqda. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy Kobulda The New York Times nashriga bergan intervyusida shunday bayonot berdi.

Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri "urush sahifasi yopilganini" ta’kidlab, endi "o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlar va ijobiy hamkorlikning yangi davrini boshlash" istagini bildirdi.

Muttaqiyning so‘zlariga ko‘ra, AQSH o‘z elchixonasini qayta ochishi, diplomatik ishtirokini davom ettirishi hamda Afg‘onistonning boy mineral resurslari, to‘g‘onlari va yo‘llariga sarmoya kiritishi mumkin. Qizig‘i shundaki, AQSHning uchta ma’muriyati va ularning ittifoqchilari bu loyihalarni rivojlantirish uchun milliardlab dollar sarflagan, "Tolibon" esa 20 yil davomida ularni yo‘q qilishga intilgan edi.

"Tolibon"ning yuqori martabali rasmiysining bu ochiq bayonoti mamlakatni xalqaro izolyatsiyadan olib chiqish yo‘lidagi navbatdagi urinishdir. Bu boradagi sa’y-harakatlar hozircha turlicha natijalar bermoqda.

O‘tgan bir yil ichida "Tolibon" ma’muriyati Rossiya bilan mudofaa sohasida hamkorlik kelishuvini imzoladi. Markaziy Osiyodagi qo‘shnilari, jumladan, O‘zbekiston bilan o‘nlab savdo shartnomalari tuzildi. "Tolibon" rasmiylari Fors ko‘rfazi mamlakatlariga muntazam tashrif buyurib, Suriya prezidenti Ahmad ash-Shara’a bilan uchrashdi. Shuningdek, ular afg‘onistonlik migrantlarni ortga qaytarishni istayotgan Yevropa davlatlari bilan ham hamkorlik qilmoqda.

Kobul siyosatidan xabardor sobiq AQSH va Afg‘oniston rasmiylarining fikricha, "Tolibon" hukumati Donald Tramp ma’muriyati bilan munosabatlarni tiklashni o‘z diplomatik sa’y-harakatlarining eng katta yutug‘i deb bilgan bo‘lardi. Chunki Tramp ma’muriyati tijorat diplomatiyasiga moyil va inson huquqlariga unchalik e’tibor qaratmaydi.

"Tolibon" butun Afg‘onistonda tartib va xavfsizlik o‘rnatganini, davlat boshqaruvini korrupsiyadan tozalayotganini hamda xorijiy sarmoyalar uchun qulay sharoitlar yaratganini da’vo qilmoqda. Biroq AQSH bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish sa’y-harakatlari to‘xtab qolgan. Xususan, Tramp ma’muriyati 2025-yilda "Tolibon"dan yanada uzoqlashdi.

Vashington 2026-yil boshida Afg‘onistonga o‘nlab havo zarbalari bergan Pokiston bilan yaqinlashdi. Shuningdek, Qo‘shma Shtatlar "Tolibon"ning kam sonli doimiy hamkorlaridan biri bo‘lgan Eron bilan urush olib bormoqda. Bundan tashqari, AQSH "Tolibon"ni noqonuniy hibsga olishlarni qo‘llab-quvvatlovchi subyekt deb topgan, afg‘onlarga viza berishni to‘xtatgan va ularning Qo‘shma Shtatlarga kirishini taqiqlagan.

Shu bilan birga, "Tolibon" ham Tramp ochiq so‘ragan bir nechta talablarni, jumladan, AQSH kuchlari 20 yil davomida egallab turgan Bag‘ram aviabazasini qaytarish bo‘yicha taklifni rad etgan.

"Tarix ko‘rsatganidek, hech bir afg‘on o‘z yerida boshqa mamlakatning harbiy ishtirokini istamaydi va bunga toqat qilmaydi", dedi Muttaqiy.

**AQSH javobi**

AQSH Davlat departamenti Muttaqiyning taklifiga yozma javobida munosabatlarni me’yorlashtirish ehtimolini rad etdi. Departament matbuot kotibiga tayanib berilgan javobda "Tolibon" Afg‘onistonni barqaror qila olmagani va antiterror majburiyatlarini bajarmagani aytiladi. Aksincha, hukumat terrorchi guruhlarga Afg‘onistondan hujumlar uchun platforma sifatida foydalanishga ruxsat bergan.

AQSH Davlat departamentining bildirishicha, Vashington "Tolibon" bilan "faqat Amerika xalqining manfaatlariga mos kelgandagina" muloqot qiladi. Ayni paytda, Muttaqiy AQSHdan tashqari boshqa har qanday mamlakatni ham Afg‘onistonga sarmoya kiritishga chaqirdi. Sababi hozirda "Tolibon" hukumati xorijiy kapitalga juda muhtoj.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.