Tojikiston Xalqaro jinoiy suddan chiqishi mumkin

Tojikiston Xalqaro jinoiy suddan chiqishi mumkin
Tojikiston Xalqaro jinoiy sud (XJS) a’zoligidan voz kechishni rejalashtirmoqda.
Xabarga ko‘ra, Tojikistonning XJSdan chiqishini nazarda tutuvchi qonun loyihasi parlamentning quyi palatasiga taqdim etilgan. Mazkur hujjat yaqin orada deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
2025-yilda Yevropa Ittifoqi Tojikistonni Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish bo‘yicha XJS orderini bajarmaganlikda ayblagan edi. O‘sha paytda Yevroittifoq Tojikiston Rim statutiga a’zo ekanini va shu sababli sud qarorlarini bajarishi shartligini ta’kidlagan.
Vladimir Putin 9–10-oktyabr kunlari Tojikiston poytaxti Dushanbeda o‘tgan sammitda qatnashgan. Xalqaro jinoiy sud esa 2023-yil mart oyida Putin hamda Rossiya bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olish uchun order chiqargan edi. Ular Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy deportatsiya qilishda ayblangan.
Bunday holat avval ham yuz bergan. Xususan, Putin 2024-yil sentyabr oyida Rim nizomini ratifikatsiya qilgan yana bir davlat — Mo‘g‘ulistonga ham borgan. Ammo u yerda ham hibsga olish choralari ko‘rilmagan.
Avvalroq Putinni hibsga olishga order bergan Xalqaro jinoiy sud prokurori lavozimidan chetlatilgani haqida xabar berilgandi. Karim Xon sud xodimasi bo‘lgan ayolga tegajog‘lik qilganlikda ayblangandi.

