Tojikiston Afg‘onistonni havo hududini buzganlikda ayblab, nota yubordi

Tojikiston Afg‘onistonni havo hududini buzganlikda ayblab, norozilik notasi yubordi. Bu haqda TASS Tojikiston Tashqi ishlar vazirligiga tayanib xabar berdi.
Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Afg‘onistondagi otishma oqibatida chegaradosh hududdagi fuqarosi halok bo‘lgani munosabati bilan “Tolibon”ga norozilik notasi yuborganini ma’lum qildi.
Vazirlik xabarida aytilishicha, "so‘nggi kunlarda Badaxshonda kuzatilgan qurolli to‘qnashuvlar Tojikistonning chegaraoldi hududlari xavfsizligiga tahdid soldi va xalqaro huquq normalarini buzdi. Tojikiston havo hududining buzilishi, aholi turar joylariga zarar yetkazilishi va ayniqsa, Darvoz tumanida tinch aholi vakilining halok bo‘lishi munosabati bilan afg‘on tomoniga norozilik notasi yubordi".
Vazirlik Afg‘onistondan ushbu masalaga jiddiy yondashishni, Tojikiston davlat chegarasi daxlsizligiga rioya etishni talab qildi. Shuningdek, bu kabi hodisalarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun samarali choralar ko‘rishni so‘radi.
**Chegaradagi vaziyat. Emomali Rahmon fuqarosining o‘limiga hamdardlik bildirdi**
Tojikistonning Darvoz va boshqa tumanlariga tutash bo‘lgan Afg‘onistonning Badaxshon viloyatida so‘nggi vaqtlarda “Tolibon” harakati va uning muxoliflari o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar kuchaydi.
13-avgust kuni Panj daryosining afg‘on qirg‘og‘idan otilgan o‘q oqibatida Darvoz tumanining Dashtak qishlog‘ida yashovchi 20 yoshli ayol halok bo‘ldi. Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon halok bo‘lgan Jasmina Yatimzodaning oilasiga hamdardlik bildirdi. U marhumaning oilasiga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish, shuningdek, uning yosh farzandi tarbiyasi masalalarini nazoratga olish bo‘yicha topshiriq berdi. Hozirda holat yuzasidan Tojikistonning tegishli tuzilmalari surishtiruv ishlari olib bormoqda.

