Toʻquvchining sudi avlodining romaniga ilhom bagʻishladi
Tomas Byorberi 1830-yillarda shaharda sodir boʻlgan toʻquvchilar gʻaloyonidagi roli uchun Avstraliyaga deportatsiya qilingan edi.

Toʻquvchining sudi avlodining romaniga ilhom bagʻishladi
Avstraliyalik yozuvchi Sara Torntonning kitobi uning ajdodi Tomas Byorberining hayoti va uning hozirgi Tasmaniyaga surgun qilinishiga asoslangan
Tomas Byorberi 21 yoshli ipak toʻquvchi boʻlib, ota-onasi bilan Koventrida yashagan va shahardagi fabrikaga oʻt qoʻygan olomonga boshchilik qilishda aybdor deb topilgan.
Dastlab oʻlim jazosiga hukm qilingan boʻlsa-da, olib borilgan kampaniya uning hayotini saqlab qoldi va jazo Avstraliyaga deportatsiya qilish bilan almashtirildi.
Oradan deyarli 200 yil oʻtib, uning avlodlaridan biri, Brisbenda yashovchi sobiq yurist, hozirda yozuvchi Sara Torntonning aytishicha, unga qarshi foydalanilgan dalillar juda shubhali boʻlgan.
U gʻaloyonlarga olib kelgan voqealar va ayblanganlar bilan nima sodir boʻlganidan ilhomlanib "Unwoven" romanini yozdi.
"Oilamiz tarixida sudlangan jinoyatchi boʻlganini hamisha bilardik va uning mashinalarni vayron qilishda ayblanganidan xabarimiz bor edi, men uchun bu juda qiziqarli jinoyat edi."
Koventri tasma toʻqish sanoatining markazlaridan biri edi va Tomas Byorberi Soveren-stritda yashagan.
Bu sanoat Jakkard toʻquv stanogi orqali mexanizatsiyani joriy etayotgan va bu anʼanaviy toʻquvchilarni ishsiz qoldirayotgan davr edi.
Yangi usullarga qarshilik koʻrsatish allaqachon Frantsiyada paydo boʻlgan edi, u yerda yangi toʻquv stanoklaridan jabr koʻrganlar oʻzlarining yogʻoch poyabzallarini (sabotlarini) mexanizmlarga uloqtirishgan, bu esa tilda yangi soʻzni paydo qilgan: sabotajchi (saboteur).
Angliyada toʻquv stanogiga qarshilik ludditlarning — yangi texnologiyalarga qarshi chiquvchilarning paydo boʻlishiga olib keldi.
Koventri gʻaloyonlaridan ikki yil oldin, yangi qurilgan fabrikalarda emas, asosan uyda ishlaydigan bir necha yuz toʻquvchi zavod nazoratchisiga axlat uloqtirishgan boʻlsa, boshqa bir norozilik namoyishida taxminan 6 000 toʻquvchi va ularning oilalari mashinada toʻqilgan tasmalar va toʻqimachilik mahsulotlarining narxlari adolatsiz ekanini aytib, namoyish oʻtkazishgan va ish tashlashga chaqirishgan.
Aynan shunday vaziyatda, 1831 yil 7 noyabrda shahardagi toʻquvchilar hozirgi shahar markazidagi Triniti-strit yaqinidagi hududda joylashgan Jozayya Bekning bugʻ bilan ishlaydigan fabrikasiga hujum qilib, uni kulini koʻkka sovurishdi.
U oʻlim jazosiga hukm qilindi.
Bilroq yuzlab odamlar uning yoshligini hisobga olib, shafqat soʻrab ariza imzoladilar.
Ichki ishlar vaziri rozi boʻldi va jazo Avstraliyaga surgun qilishga oʻzgartirildi. U oʻsha paytda Van-Dimen Yerlari (hozirgi Tasmaniya) deb atalgan hududga kemada yuborildi.
Torntonning aytishicha, unga oʻz ajdodining tarixiga asoslangan tarixiy romanni tadqiq qilish va yozish uchun sakkiz yil kerak boʻlgan.
"Men bu sud bayonotini oʻqiyotgan edim va himoya guvohlarining koʻrgazmalariga aslo ishona olmasdim.
"Koventrining bu odamlari bir-birining ortidan Tomasning gʻaloyon kuni aslida nima bilan mashgʻul boʻlgani haqida uning foydasiga koʻrgazma berish uchun [sudda] oyoqqa turishgan edi."
Byorberi fabrika eshigini buzib kirganlikda va binoni yoqib yuborishga chaqirganlikda ayblangan edi. Ammo umumiy fikr shundan iborat ediki, u asosiy tashkilotchi boʻlmagan.
"Asosli shubhadan xoli boʻlish kontseptsiyasi hali shakllanish bosqichida edi. U hozirda talab qilinadigandek mutlaqo oʻzgarmas isbot standarti emas edi.
"Agar shunday boʻlganida, menimcha, hukm boshqacha boʻlishi mumkin edi."
Byorberi 1832 yilda Koventri Lent Assizlarida, oʻsha paytdagi Graflik zalida (County Hall) sud qilingan, u hozirda bar va restoran hisoblanadi.
Biroq, Byorberi hayotining voqealari dunyoning narigi chekkasida tugab qolmadi.
Tasmaniya universitetida saqlanayotgan maʼlumotlarga koʻra, Byorberi namunali mahbus boʻlgan va 1839 yilda afv etilgan, shundan soʻng jamiyatning eng oldi vakillaridan biriga aylanib, Otlends shahri yaqinida katta mulkka egalik qilgan.
Uning oʻgʻli siyosatchi boʻldi, yana bir avlodi Ser Stenli Byorberi esa Tasmaniyaning Avstraliyada tugʻilgan birinchi gubernatori boʻldi.
Tornton oʻz tadqiqoti doirasida 2025 yilda Koventriga tashrif buyurdi va Byorberi davridan qolgan diqqatga sazovor joylarni koʻrish badanini junjiktirib yuborganini aytdi.
"Men sud binosini, sudyaning kursisini va mahbuslar zindondan koʻtarilib keladigan lyukni koʻrishga muvaffaq boʻldim."
Torntonning aytishicha, sud ostidagi kameralar hozirda jamoatchilik uchun yopiq boʻlsa-da, u mahbuslar sud oldida javob berish uchun qayerdan chiqib kelishganini koʻra olgan.
"Qamoqxonalar ahvolini oʻrganuvchi surishtiruv komissiyasi tomonidan tayyorlangan sud hisobotlari bor va Koventri eng yomonlaridan biri edi", dedi u.
U, shuningdek, uning bosgan izlaridan qayta yurish juda hayajonli tajriba boʻlganini aytdi.
"U Spon-Endda yashagan, shuning uchun biz oʻsha yerda toʻxtadik va koʻchalar boʻylab shahar markaziga hamda Spon koʻprigi orqali yurib oʻtdik.
"Butun vaqt davomida badanim junjikib turdi".

