Tirik tug‘uvchi suvarak suti va burunni to‘g‘ri qoqish: 36-Shnobel mukofoti g‘oliblari e’lon qilindi

Tirik tug‘uvchi suvarak suti va burunni to‘g‘ri qoqish: 36-Shnobel mukofoti sovrindorlari ma’lum qilindi
Noodatiy tadqiqotlar uchun beriladigan 36-Shnobel mukofoti 3-sentyabr kuni Syurixda o‘z egalariga topshirildi. Bu yilgi g‘oliblar orasida suvarak suti, burunni to‘g‘ri qoqish, hatto boy odamlarning bolalar shirinliklarini yeb qo‘yishga moyilligi haqidagi tadqiqotlar ham bor.
Mukofot 1991-yilda “Ajoyib tadqiqotlar yilnomalari” jurnali tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, 1999-yildan buyon 10 ta ilmiy yo‘nalish bo‘yicha topshirib kelinadi.
Kimyo bo‘yicha mukofot tirik tug‘uvchi suvaraklarning sutiga bag‘ishlangan tadqiqot uchun berildi. Olimlar suvarak suti sigir sutiga qaraganda taxminan uch baravar ko‘proq energiya saqlashini aniqlagan. Tadqiqot suvaraklarning ayrim turlari o‘z bolalarini oziqlantirish uchun ishlab chiqaradigan sutga o‘xshash moddaga qaratilgan.
Tibbiyot yo‘nalishida yaponiyalik tadqiqotchilarning burunni to‘g‘ri va xavfsiz qoqish usullariga bag‘ishlangan ishlari e’tirof etildi. Tadqiqot mualliflari burun qoqish jarayonini shunchaki kundalik odat emas, balki aerodinamika va inson salomatligi nuqtayi nazaridan ham o‘rganishga harakat qilgan.
Mukofotlar hayvonlarning xatti-harakatlariga oid noodatiy tadqiqotlarni ham chetlab o‘tmadi. Biologiya yo‘nalishida olimlar zaharli ilonlarning qachon va qanday sharoitda ko‘proq chaqishini o‘rgandi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ilonlar kunduz kuni va havo issiq bo‘lgan paytda ko‘proq chaqishi, yosh ilonlar hamda urg‘ochi ilonlarda bunday xatti-harakatga moyillik yuqoriroq bo‘lishi aniqlangan.
Iqtisodiyot yo‘nalishidagi mukofot boy odamlarning xatti-harakatlariga bag‘ishlangan tadqiqot uchun topshirildi. Unda yuqori daromadli qatlam vakillari ijtimoiy me’yorlarni buzishga, avtomobilni xavfli boshqarishga, piyodalarga yo‘l bermaslikka va hatto bolalar uchun mo‘ljallangan shirinliklarni yeb qo‘yishga ko‘proq moyil bo‘lishi haqida dalillar keltirilgan.
Biomexanika yo‘nalishida odamlar va hayvonlarning o‘pishishi ilmiy jihatdan o‘rganildi. Tadqiqotchilar bunday jarayonni nafaqat jismoniy, balki evolyutsion nuqtayi nazardan ham izohlashga uringan.
Shuningdek, texnologiya yo‘nalishida chivinlarning nishlaridan o‘ta aniq 3D-bosma texnologiyasida foydalanish imkoniyatlarini o‘rgangan to‘rt mamlakat olimlari guruhi ham mukofotlandi.
Tinchlik mukofoti esa bir-biridan farqli narsalar va turli toifadagi odamlarni yoqtirmaydigan do‘stlarning bir-birini ko‘proq qadrlashi mumkinligini aniqlagan tadqiqotchilarga nasib etdi.

