Time jurnali SI sohasidagi eng nufuzli 100 kishi roʻyxatini tuzdi
Time jurnali sunʼiy intellekt (SI) sohasidagi eng nufuzli 100 kishining roʻyxatini taqdim etdi. Roʻyxatdan Ilon Mask, Sem Altman, Peris Hilton, Ben Afflek va boshqalar oʻrin olgan.

Time jurnali sunʼiy intellekt (SI) sohasidagi eng taʼsirchan 100 shaxs roʻyxatini eʼlon qildi.
Nashrning taʼkidlashicha, 2026-yilgi roʻyxat "bu sohaning jadal rivojlanayotgan holatini aks ettiradi". Unda SI boʻyicha yirik kompaniyalar asoschilari va tadqiqotchilari bilan bir qatorda, ushbu texnologiyaning turli jihatlarini faol tanqid qiluvchilar ham joy olgan. Time jurnali 2023-yildan buyon sunʼiy intellekt sohasidagi eng nufuzli shaxslar roʻyxatini tuzib keladi.
Time roʻyxatdagi barcha ishtirokchilarni toʻrtta asosiy toifaga ajratdi:
1. **"Yetakchilar"** toifasiga OpenAI hammuassisi Sem Altman, SpaceX bosh direktori Ilon Mask, Anthropic asoschilari Dario va Daniela Amodei, shuningdek, Amazon asoschisi Jeff Bezos kiritildi.
2. **"Innovatorlar"** toifasida amerikalik aktyor, rejissyor va kinoda sunʼiy intellektni qoʻllashga moʻljallangan InterPositive startapining yaratuvchisi Ben Afflek hamda Xitoyning Moonshot AI kompaniyasi asoschisi Yan Chjilin joy oldi.
3. **"SI sohasini shakllantiruvchilar"** (shapers) toifasidan aktrisa Peris Hilton (dipfeyklarga qarshi kurashgani uchun), amerikalik siyosatchi Berni Sanders (sunʼiy intellektning mehnat bozoriga va umuman jamiyatga salbiy taʼsirini tanqid qilgani uchun), investor va AQSH prezidentining fan va texnologiyalar boʻyicha maslahatchilar kengashi hamraisi Devid Saks oʻrin oldi.
4. **"Mutafakkirlar"** toifasiga, jumladan, OpenAI hammuassisi va xavfsiz superintellektni rivojlantirishga qaratilgan Safe Superintelligence startapi yaratuvchisi Ilya Sutskever, sunʼiy intellektni ishlab chiqish va uning inson bilan hamkorligiga yoʻnaltirilgan Thinking Machines startapi asoschisi Mira Murati hamda Nvidia korporatsiyasining barqarorlik boʻyicha direktori Josh Parker kiritildi.

