Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tizimi joriy etilishi mumkin
Prezidentga tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash va kasbiy rivojlantirish tizimi takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdim etildi. Taqdimot tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tizimini joriy etishga bagʻishlandi.

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tizimi joriy etilishi mumkin
Taqdimotning bir qismi tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tizimini joriy etish masalasiga bagʻishlandi.
Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligini taʼminlash maqsadida mutaxassislarning bilim va amaliy tayyorgarligini mustaqil baholash tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Barcha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qamrab oladigan yagona elektron reyestr yaratiladi. U 16 ta axborot bazasi bilan integratsiya qilinib, mutaxassisning taʼlimi, malakasi va kasbiy faoliyatiga doir maʼlumotlarni bir joyda jamlash imkonini beradi.
Davlat roʻyxatidan oʻtishni 2027-yildan ixtiyoriy, 2030-yildan esa majburiy tartibda joriy etish taklif qilinmoqda. Keyinchalik davlat roʻyxatidan oʻtmagan mutaxassis tibbiy yoki farmatsevtik faoliyat bilan shugʻullana olmaydi.
Baholash bosqichma-bosqich — avval fundamental va klinik fanlar, soʻng mutaxassislik boʻyicha amalga oshiriladi. Buning uchun yagona test va topshiriqlar banki, zamonaviy simulyatsion bazalar tashkil etiladi. Imtihondan oʻta olmagan mutaxassislarga qayta topshirish imkoniyati beriladi.
Yangi tizimga ixtiyoriy ravishda ertaroq qoʻshilgan xodimlarni ragʻbatlantirish ham nazarda tutilgan. Imtihondan muvaffaqiyatli oʻtib, davlat roʻyxatiga kiritilgan oliy maʼlumotli shifokor va farmatsevtika xodimlariga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 5 baravarigacha, oʻrta tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga 2,5 baravarigacha ustama toʻlash taklif etildi.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazish va mutaxassislar malakasini baholash ishlarini tashkil etish uchun alohida markaz faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Taqdimotda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining uzluksiz kasbiy taʼlim tizimini takomillashtirish masalalari ham koʻrib chiqildi.
Zamonaviy tibbiyotda diagnostika va davolash usullari, dori vositalari hamda texnologiyalar tez yangilanib borayotgani sababli, mutaxassislarning bilim va amaliy koʻnikmalarini muntazam oshirib borish muhimligi taʼkidlandi.
Shu maqsadda barcha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qamrab oladigan yangi uzluksiz kasbiy taʼlim tizimi joriy etiladi. Taʼlim provayderlari va dasturlari akkreditatsiyadan oʻtkazilib, jarayonlar raqamlashtiriladi.

