Tibbiyot хodimlarini davlat roʻyхatidan oʻtkazish qanday amalga oshiriladi
2030 yil 1 yanvardan boshlab faqat tegishli iхtisoslik boʻyicha davlat roʻyхatidan oʻtgan mutaхassislar tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanishi mumkin boʻladi. 19.10.2026 yildagi VMQ 577-son qarori bilan maхsus imtihonlar oʻtkazish, besh yil muddatga elektron guvohnomalar berishni nazarda tutuvchi roʻyхatdan oʻtkazish tartibi tasdiqlandi.

Tibbiyot xodimlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi qanday bo‘ladi
Vazirlar Mahkamasining 19.10.2026 yildagi "Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish orqali ularga kasbiy faoliyatni amalga oshirish huquqini berish tizimini joriy etish toʻgʻrisida"gi 577-son qarori qabul qilindi.
Hujjat uch oydan soʻng kuchga kiradi.
Mazkur hujjat bilan 10.09.2026 yildagi PF-192-son Farmonga muvofiq Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, uni toʻxtatib turish, bekor qilish va qayta oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Davlat roʻyxatidan oʻtkazish tibbiyot va farmatsevtika faoliyati amalga oshiriladigan ixtisosliklar nomenklaturasiga kiritilgan mutaxassisliklarga nisbatan qoʻllanadi.
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda maxsus imtihonlarni tashkil etish Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini baholash markazi tomonidan amalga oshiriladi. Shu maqsadda Tibbiy malaka platformasi ishlab chiqilib, joriy etiladi.
Baholash markazi davlat roʻyxatidan oʻtkazish, kasbiy faoliyatni monitoring qilish, shuningdek ma’lumotlardan erkin foydalanish imkonini beruvchi Tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi mutaxassislarning yagona elektron reyestrini yuritadi.
Ariza beruvchi bir nechta mutaxassislik boʻyicha davlat roʻyxatidan oʻtish huquqiga ega, bunda har bir mutaxassislik uchun alohida ariza topshiriladi.
2030 yil 1 yanvardan boshlab tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanish huquqi faqat muayyan mutaxassislik boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan shaxslarga besh yil muddatga beriladi. Davlat roʻyxatidan oʻtmagan shaxs tegishli mutaxassislik boʻyicha tibbiy yoki farmatsevtik kasbiy faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga ega emas.
2027 yil 1 iyuldan 2030 yil 1 yanvarga qadar xodimlar ixtiyoriy ravishda maxsus imtihon natijalari asosida yoki malaka toifalarini berish jarayonida avtomatik tarzda oʻz mutaxassisligi boʻyicha davlat roʻyxatidan oʻtishi mumkin boʻladi.
Mutaxassisligi boʻyicha kamida 20 yillik ish stajiga va ilmiy darajaga ega boʻlgan xodimlar maxsus imtihonsiz davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.
Ariza Davlat xizmatlari markazi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki "Tibbiy malaka" platformasi orqali topshirilishi mumkin. Elektron arizalarni kecha-yu kunduz, dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, har kuni yuborish mumkin.
Vakolatli organ besh ish kuni ichida arizalarni koʻrib chiqadi va ariza beruvchilarni maxsus imtihonga kiritish yoki kiritmaslik haqida qaror qabul qiladi.
Guvohnoma elektron shaklda rasmiylashtiriladi. Uning haqiqiyligini Tibbiyot va farmatsevtika mutaxassislarining yagona elektron reyestri orqali tekshirish mumkin. Guvohnomaning asl nusxasi yoki uning qogʻoz shaklidagi dublikati berilmaydi.
Davlat roʻyxatidan oʻtgan xodimlar kasbiy faoliyatini davom ettirish uchun har besh yilda qayta roʻyxatdan oʻtishlari shart.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 22.01.2027 yildan kuchga kiradi.

