Texnikumlarda qaysi kasblarga qiziqish yuqori?
Oʻzbekiston texnikumlarida 450 dan ortiq kasb va mutaxassislik mavjud boʻlsa-da, umumiy qabulning 49 foizi yettita yoʻnalishda jamlangan. 2025-2026 oʻquv yilida texnikumlarga 249 130 nafar oʻquvchi qabul qilingan, biroq mutaxassisliklar, hududlar va taʼlim shakllari boʻyicha qabul koʻrsatkichlarida sezilarli tafovutlar saqlanib qolgan.

Texnikumlarda qaysi kasblarga qiziqish yuqori?
Bu masala «Kasbiy taʼlim tashkilotlari qabul parametrlari va ularning samaradorligi» nomli axborot-tahliliy maʼlumotda yoritilgan. Tahlil Kasbiy taʼlim agentligi taqdim etgan rasmiy maʼlumotlar asosida tayyorlangan.
Hujjatga muvofiq, 2025-2026 oʻquv yili uchun texnikumlarga 287 301 ta qabul kvotasi ajratilgan. Amalda esa 249 130 nafar oʻquvchi oʻqishga qabul qilingan. Hisobotning taʼlim shakllari boʻyicha jadvalida umumiy qabul rejasi 86,7 foizga bajarilgani qayd etilgan.
Qabulning eng katta ulushi — 20 foizi — «Avtomobillarni taʼmirlash va ularga xizmat koʻrsatish» kasbi hissasiga toʻgʻri kelgan. Ushbu yoʻnalish uchun 27 660 ta oʻrin ajratilgan boʻlsa, amalda 50 116 nafar oʻquvchi qabul qilingan.
Shuningdek, umumiy qabulda quyidagi kasb va mutaxassisliklar sezilarli ulushni egallagan:
- tikuvchi — 7 foiz;
- hamshiralik ishi — 6,2 foiz;
- traktorchi-mashinist — 5 foiz;
- davolash ishi — 4,1 foiz;
- kompyuter grafikasi va dizayn operatori — 3,8 foiz;
- raqamli axborotlarni qayta ishlash ustasi — 3,4 foiz.
Tahlilda ayrim mutaxassisliklarda qabul belgilangan kvotalardan bir necha barobar yuqori boʻlgani, boshqalarida esa ajratilgan oʻrinlar toʻliq toʻlmagani aytilgan.
Biroq qabulning nol yoki juda past darajada boʻlishi har doim ham muayyan kasbga talab yoʻqligini anglatmasligi taʼkidlangan. Ayrim holatlarda guruh tashkil etish uchun yetarli oʻquvchi yigʻilmagani sababli ular oʻz roziligi bilan yaqin yoʻnalishlarga oʻtkazilgan.
Hisobotda Fargʻona va Samarqand viloyatlarida qabul rejasi toʻliq bajarilgani koʻrsatilgan. Buxoro va Andijonda bu koʻrsatkich 96 foizni, Jizzaxda 93 foizni, Namanganda 92 foizni tashkil etgan.
Qoraqalpogʻistonda qabul rejasining bajarilishi 65 foiz, Xorazm viloyati va Toshkent shahrida 70 foiz, Navoiy viloyatida 72 foiz boʻlgan. Shu tariqa, hududlar oʻrtasidagi tafovut 35 foiz punktga yetgan.

