Texnikumlarda dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan tashkilotlarga 5 mlrd so‘mgacha kredit beriladi

Texnikumlarda dual ta’limni joriy etgan va bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanishini kafolatlagan tashkilotlarga 5 milliard so‘mgacha kreditlar ajratiladi. Bu tartib Vazirlar Mahkamasining 20-avgustdagi qarori bilan belgilandi va hujjat 21-avgust kuni e’lon qilindi.
Ushbu qarorga ko‘ra, dual ta’lim dasturlarini tashkil etgan korxonalarga 7 yil muddatga, 2 yillik imtiyozli davr bilan 5 milliard so‘mgacha kredit beriladi. Kredit Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz punkt yuqori stavkada taqdim etiladi.
Kredit olish uchun tashkilot har 1 milliard so‘m kreditga kamida 5 nafar o‘quvchini dual ta’lim dasturiga jalb qilishi va ulardan kamida 1 nafar bitiruvchini o‘qishni tugatgandan so‘ng bir yildan kam bo‘lmagan muddatga ish bilan ta’minlashi shart. Demak, 5 milliard so‘mgacha kredit olish uchun kamida 25 nafar o‘quvchini dual ta’limga jalb qilish va ulardan kamida 5 nafarini ish bilan ta’minlash talab etiladi.
Kredit mablag‘lari quyidagi maqsadlarga yo‘naltirilishi mumkin: yangi biznes yoki yangi yo‘nalishlarda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarishni rivojlantirish va kengaytirish, korxonalarni zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlash va modernizatsiya qilish, eksportni qo‘llab-quvvatlash, “yashil” iqtisodiyot uchun qayta tiklanuvchi energiya jihozlarini xarid qilish, shuningdek, raqamli va innovatsion loyihalarni amalga oshirish.
Bundan tashqari, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab investorlar buyurtmasi asosida kadrlar tayyorlash to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi. Investorlar buyurtmasi asosida shakllantirilgan alohida guruhlarning o‘quv reja va dasturlariga kasb va mutaxassisliklar kesimida 30 foizgacha o‘zgartirish kiritishga ruxsat beriladi.
Qarorga muvofiq, kredit olish uchun tashkilot dual ta’lim doirasida o‘quvchilar uchun ish joylari va ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etishi, malakali mutaxassislarini “ustoz” sifatida biriktirishi hamda dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilar bilan muddatli mehnat shartnomalarini tuzishi mumkin.
Kredit olish uchun tashkilot texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygandan va belgilangan miqdordagi bitiruvchilarni ishga qabul qilganidan so‘ng ikki hafta ichida tijorat bankiga murojaat qiladi. Bank kredit olish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqadi va talablarga mos kelgan taqdirda kreditni tashkilot hisobvarag‘iga o‘tkazadi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 20-avgustdagi qarori bilan kasbiy ta’lim tashkilotlari direktorlarini va direktor o‘rinbosarlarini menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish hamda ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi tasdiqlangandi. Hujjatga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab kasbiy ta’lim tashkilotlari direktorligiga nomzodlarni tayinlashda menejerlik sertifikati mavjudligi talab etiladi. Direktorlar va direktor o‘rinbosarlari menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitiladi.

