Texasdagi qamoqxonalarga konditsionerlar o‘rnatiladi

**Texas qamoqxonalariga konditsionerlar o‘rnatiladi**
AQSHning Texas shtatidagi qamoqxonalarda qariyb 90 ming mahbus bu yozni konditsionersiz o‘tkazishga majbur bo‘ldi. Tashqarida harorat 50 darajagacha ko‘tarilib, ichkarida esa chidab bo‘lmas issiq hukm surdi. Natijada mahbuslar panjara ortida vafot etishda davom etmoqda. Vaziyatga adliya tizimi aralashdi: Ostindagi federal sudya Texas qamoqxonalarini 2029-yil oxirigacha to‘liq konditsionerlar bilan ta’minlash haqida qaror chiqardi.
**Insoniylikka zid sharoitlar**
Sud majlisida mahbuslar og‘ir holatlarni tasvirlab berdi. Favqulodda yuqori harorat sababli hushdan ketish holatlari qayd etilgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, issiqdan jon saqlash uchun hojatxonadagi suv bilan cho‘milish “odatiy hol”ga aylangan.
“Bu sharoit insoniylikka to‘g‘ri kelmaydi”, deya vaziyatga baho berdi sudya.
Da’vo huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar, mahbuslar va ularning vakillari tomonidan kiritilgan. Sudya mavjud sharoitlar AQSH konstitutsiyasiga kiritilgan va “shafqatsiz va g‘ayrioddiy jazolash”ni taqiqlovchi sakkizinchi tuzatishni buzmoqda, degan xulosaga keldi.
**Milliardlab dollarlik xarajatlar**
Jazirama issiqdan himoyalanish arzon emas: Texas Tribune nashri ma’lumotiga ko‘ra, qamoqxonalarni qayta jihozlash 1,5 milliard dollargacha mablag‘ talab qilishi mumkin. Shtatda 310 dan ortiq hibsxona va qamoqxona muassasalari mavjud.

