Texasdagi kollejlar oʻrtasidagi amerikancha futbol oʻyini oldidan xavfli sakrashni amalga oshirgan AQSh harbiy-havo kuchlari harbiy xizmatchisi halok boʻldi
Oʻyin hodisadan keyin ham davom etdi. Amerika konferentsiyasining maʼlum qilishicha, bu qaror uning oʻlimi haqida bilinmasdan oldin qabul qilingan.

AQSh harbiy-havo kuchlari harbiysi Texasdagi kollejlar oʻrtasidagi amerikancha futbol oʻyini oldidan stadion tomidan arqonda tushayotganda yiqilib vafot etdi
Videoda harbiy xizmatchi shanba kuni San-Antoniodagi 170 futulik (52 metr) Alamodome stadionida Texas universitetining San-Antoniodagi filiali va Harbiy-deңiz akademiyasi jamoalari oʻrtasidagi oʻyin oldidan oʻtkazilgan marosim paytida maydon markazidagi gazonga oyogʻi bilan qulagani aks etgan.
Ushbu fojiali hodisaga qaramay, UTSA Roadrunners va Navy Midshipmen jamoalari oʻrtasidagi oʻyin rejalashtirilganidek boʻlib oʻtdi.
Kollejlar sport assotsiatsiyasining bildirishicha, oʻyinni davom ettirish haqidagi qaror harbiy xizmatchining oʻlimi tasdiqlanishidan oldin qabul qilingan.
«Biz uning oilasiga, doʻstlariga, safdoshlariga va 57-qanot aʼzolariga chuqur hamdardlik bildiramiz», deyiladi AQSh HHK brigada generali Skott Millsning Nellis harbiy-havo bazasi tomonidan tarqatilgan bayonotida: «Ushbu fojia butun 57-qanot tomonidan chuqur qaygʻu bilan qabul qilindi.
Texnik serjant Patterson va uning xizmati qanotimiz uchun juda katta ahamiyatga ega edi».
Nellis harbiy-havo bazasi maʼlumotlariga koʻra, Jorjiya shtatining Fort-Styuart shahridan boʻlgan Patterson AQSh qurolli kuchlarida 15 yil xizmat qilgan.
U bir qancha harbiy mukofotlar bilan taqdirlangan va 2022 yilda HHK shtab-kvartirasi darajasida HHK maxsus operatsiyalari boʻyicha yilning eng yaxshi serjant-instruktori deb topilgan edi.
UTSA prezidenti Teylor Eygmi shunday dedi: «Men harbiy xizmatchining oilasiga, uning safdoshlariga, eskadrilyasiga va ushbu yurakni larzaga soluvchi fojia taʼsir qilganlarning barchasiga oʻzimning eng chuqur va samimiy hamdardligimni bildirmoqchiman».

