Texas Krista Paykning muvaffaqiyatsiz oʻlim jazosi ijrosidan keyin AQShdagi ilk qatlni amalga oshirdi
Jamal Xovardning advokatlari Krista Paykning muvaffaqiyatsiz yakunlangan oʻlim inʼyektsiyalaridan soʻng sudyadan qatl etishni vaqtincha toʻxtatishni soʻrashgan edi.

Texas shtatida Krista Paykning muvaffaqiyatsiz oʻlim jazosidan keyin AQShdagi ilk qatl amalga oshirildi
Chorshanba kuni kechqurun Texasda oʻlim jazosiga hukm qilingan mahbus zaharli inʼyektsiya yordamida qatl etildi. Bu oʻtgan hafta Krista Paykni qatl etishga boʻlgan muvaffaqiyatsiz urinishdan keyin AQShda amalga oshirilgan ilk qatl boʻldi.
BBC’ning AQShdagi hamkori CBS News xabariga koʻra, 46 yoshli Jamaal Xovardning advokatlari oʻtgan hafta Paykning muvaffaqiyatsiz inʼyektsiyalari fonida sudyadan qatlni toʻxtatishni soʻrashgan edi.
Biroq, sudlar ularning iltimoslarini rad etdi va Xantsvilldagi shtat qamoqxonasida unga pentobarbitalning oʻlimga olib keluvchi dozasi yuborildi. U mahalliy vaqt bilan soat 20:03 da vafot etgan deb eʼlon qilindi.
Xovard 2000 yilda sodir etgan bosqinchilik paytida doʻkon sotuvchisini oʻldirganlikda ayblanib, oʻlim jazosiga hukm qilingan edi.
Uning advokatlari Texas Xovardga Paykka qoʻllanilgan oʻsha dori vositasini — pentobarbitalni yuborishni rejalashtirgani sababli, u ham xuddi shunday xavf-xatarlarga duch kelishini taʼkidlashdi. Shuningdek, ular Paykning advokatlari kabi Texasdagi ushbu dori zaxirasining sifati yomonlashganini daʼvo qilishdi.
Sud ularning apellyatsiyalarini ikki marta rad etdi, AQSh Oliy sudi ham chorshanba kuni kechqurun apellyatsiyani qanoatlantirmadi.
«Texas Tennessining izidan borishga shoshilmasligi kerak; qatlning kechiktirilishi buning oldini olgan boʻlardi», — deya taʼkidlagan Xovardning advokatlari, deb xabar berdi CBS.
Xovardning advokatlari, shuningdek, Texas gubernatori, respublikachi Greg Ebbottdan qatlda qoʻllaniladigan dori haqida koʻproq maʼlumot olish uchun qatlni 30 kunga qoldirishni soʻrashgan. Gubernator kechiktirishni maʼqullamadi.
Xovard Texasdagi doʻkonda ishlayotgan 42 yoshli Viki Svartoutni otib tashlaganida 20 yoshda edi. Xovard kassadan bir blok sigaret va 114 dollar olgan.
AQSh OAVlarining xabar berishicha, qatl etilishidan oldin soʻnggi soʻzi bor-yoʻqligi soʻralganda, Xovard guvohlar xonasidan kuzatib turgan Svartoutning oilasidan uzr soʻragan.
«Uzrimni qabul qilishingizni va meni kechirishingizni istardim», — dedi Xovard. «Sodir boʻlgan voqea uchun uzr soʻrayman. Kunlardan bir kun meni kechirishni oʻrganasiz deb umid qilaman».

