“Tetris” o‘yini yaratuvchilari Oq uyni o‘yindan ruxsatsiz foydalanganlikda aybladi

“Tetris” o‘yini yaratuvchilari Oq uyni o‘yindan ruxsatsiz foydalanishda aybladi
The Tetris Company kompaniyasi Oq uyning “Tetris” uslubida yaratilgan onlayn o‘yinlaridan biri bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi. Kompaniya o‘zining intellektual mulkidan foydalanishga ruxsat bermaganini bildirdi.
Build the Wall (“Devor qur”) deb nomlangan o‘yin foydalanuvchilarga AQSH va Meksika chegarasida to‘siq qurishni taklif qiladi. Oq uy ta’rifida aytilishicha, o‘yinda chegarani yaqinlashib kelayotgan olomondan himoya qilish kerak.
The Tetris Company ushbu o‘yinni yaratishda ishtirok etmagan. Biz “Tetris’”a odamlarni ajratish emas, ularni birlashtirish kuchiga ishonamiz, deyiladi kompaniya bayonotida.
Kompaniya Tetris brendi va uning intellektual mulkidan foydalanish uchun litsenziya bermaganini alohida qayd etdi.
Oq uy AQSH prezidenti Donald Tramp siyosati bilan bog‘liq ketma-ket beshta retro-o‘yinni e’lon qildi. Ular orasidagi “Iloncha” (Snake) uslubida yaratilgan yana bir o‘yinda o‘yinchi chegara siyosati rahbari Tom Homanning raqamli versiyasini boshqaradi. U Rio Grande daryosidan o‘tayotgan migrantlarni qo‘lga olishi kerak.
Ma’lumot uchun, 2025-yil dekabr oyida Dubayda dronlar ishtirokida dunyodagi eng yirik “Tetris” o‘yini o‘tkazilgandi. Bu mashhur o‘yin shou ko‘rinishida namoyish etilgan. O‘yinda ekran vazifasini balandligi taxminan 150 metr bo‘lgan Dubai Frame bajargan, piksellar vazifasini esa rang-barang shakllarni real vaqtda hosil qiluvchi dronlar amalga oshirgan.

