Texnologiya

“Teskari ta’sir”. Konditsionerlar aslida shaharlarni isitadimi?

"Teskari ta'sir". Konditsionerlar shaharlarni isitadimi?

Yozning jazirama kunlarida konditsionerlar ko'pchilik uchun issiqdan qutulishning eng oson va samarali yo'li bo'lib tuyuladi. Ular binolar ichini salqin qilib, odamlarni issiqdan himoya qiladi va shu bilan kundalik hayotning ajralmas qismiga aylanadi. Biroq, konditsionerlar bilan bog'liq jiddiy bir muammo ko'pincha e'tibordan chetda qoladi: ular xonani sovitadi, ammo tashqarini isitadi.

Gap shundaki, konditsioner issiqlikni yo'q qilmaydi, balki uni bino ichidan olib, tashqi muhitga chiqaradi. Bunday qurilmalar soni ortib borishi bilan yirik shaharlarda "issiqlik oroli" effekti paydo bo'lib, harorat sun'iy ravishda ko'tarilishi mumkin. Parij tajribasi buni ilmiy jihatdan tasdiqlagan.

Parij tajribasi

Qariyb chorak asr avval Fransiya poytaxti o'z kuzatuvlari tarixidagi eng issiq yilni boshdan kechirdi. Anomal issiqlik natijasida poytaxtda 1500-2000 kishi, butun mamlakat bo'ylab esa 15000 nafar fransiyalik halok bo'lgan edi. O'shanda tadqiqotchilar konditsionerlardan chiqayotgan issiqlikning shahar haroratiga ta'sirini hisoblab chiqdilar.

Tadqiqot natijalariga ko'ra, o'sha yili konditsionerlar sabab Parij ko'chalaridagi harorat o'rtacha 0,5°C ga ko'tarilgan. Agar konditsionerlardan chiqayotgan barcha issiqlik to'g'ridan-to'g'ri havoga chiqarilsa, bu ko'rsatkich taxminan 1°C ga yetadi. Ammo bu holat 2003-yilda kuzatilgan. Olimlar o'shandan buyon sovitish qurilmalari ancha ommalashganini inobatga olib, hozirda ta'sir darajasi 2°C ga yetishini taxmin qilmoqdalar.

E'tiborlisi, konditsionerlar tashqi muhitga tunda kunduzgidan ko'ra kuchliroq ta'sir qilishi mumkin. Chunki kechasi atmosferaning quyi qatlami ancha yupqa bo'ladi. Shu sababli tashqariga chiqarilgan issiqlik yuqoriga tez tarqalib keta olmaydi. Boshqacha aytganda, odamlar havo salqinlashini kutayotgan bir vaqtda konditsionerlar haroratni isitib beradi.

Bu esa o'ziga xos aylana hosil qiladi: havo isigani bois konditsionerlardan foydalanish ortadi. Konditsionerlar ko'paygani sari tashqariga chiqadigan issiqlik darajasi oshadi. Natijada shahar yanada isiydi. Isigan shaharda esa konditsionerlarga talab yanada ortadi.

Tadqiqotlar konditsionerlarning shahar issiqligiga ta'siri uning turiga va issiqlikni qayerga chiqarishiga ham bog'liqligini ko'rsatadi. Masalan, issiqlikni bevosita tashqi havoga chiqaradigan tizimlar shaharning issiqlik yukini kuchaytiradi. Issiqlikni yer ostiga yoki suvga chiqaradigan tizimlar esa tashqi havo haroratiga ancha kam ta'sir qilishi mumkin.

Muammo faqat konditsionerda emas

Biroq shaharlarning isib ketishiga yagona sabab konditsionerlar emas. Beton, asfalt va qoramtir tomlar quyosh energiyasining katta qismini yutib, uni issiqlik sifatida qayta chiqaradi. Bu, ayniqsa, daraxtlar va yashil hududlar kam bo'lgan zich qurilgan mahallalarda kuchliroq seziladi.

Shu sababli shaharni sovitish faqat ko'proq konditsioner o'rnatish bilan hal qilinadigan masala emas. Bino va ko'chalarni to'g'ri loyihalash, tom va yo'l uchun maxsus qoplamalardan foydalanish, daraxtlar va yashil hududlarni ko'paytirish ham muhim jihatlardan hisoblanadi.

Masalan, och rangli tomlar va qoplamalar quyosh nurini ko'proq qaytarib, issiqlik darajasini pasaytirishi mumkin. Daraxtlar esa havoni o'z soyasi va bug'lanish orqali tabiiy ravishda sovitadi. Biroq shu kabi choralar ham konditsionerlarga bo'lgan ehtiyojni butunlay bartaraf eta olmaydi. Parij misolida o'tkazilgan tadqiqot shaharni keng ko'lamli ko'kalamzorlashtirish, binolarni izolyatsiya qilish va sovitish qurilmalaridan oqilona foydalanish kabi choralar konditsionerlar uchun sarflanayotgan energiyani yarimigacha qisqartirgan.

Biroq ta'kidlash joiz, The Economist materialida konditsionerlar zararli ekani, shu bois ulardan qutilish kerakligiga targ'ib yo'q. Mualliflar sovitish qurilmalari jazirama sharoitida odamlarni issiq urishi bilan bog'liq kasalliklardan himoyalashini ta'kidlab, ulardan samarali foydalanishga chaqiradi. Mualliflar, shu bilan birga, yashil hududlarni ko'paytirish, quyosh nurini qaytaruvchi qoplamalarni yotqizish va binolarni izolyatsiya qilishni taklif qilishadi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.