Terrorizm tuzog‘iga tushgan shaxs 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi
Ijtimoiy tarmoqlardagi radikal targ‘ibot ta’siriga tushib, terroristik tashkilotlarga aloqador shaxslar bilan muloqot qilgan va ularni moliyalashtirgan O‘zbekiston fuqarosi sud hukmi bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Terrorizm tuzog‘iga ilingan shaxs 10 yilga qamaldi.
Qashqadaryo viloyatida 1995-yilda tug‘ilgan fuqaro 2017-yilda Janubiy Koreya Respublikasining nufuzli universitetlaridan biriga o‘qishga kirgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, u xorijda tahsil olayotgan paytida ijtimoiy tarmoqlar orqali turli g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi shaxslarning audio va videomateriallarini kuzatib borgan. Shuningdek, Suriyadagi qurolli to‘qnashuvlar aks etgan videolarning ta’siri ostida radikal g‘oyalarga moyillik ko‘rsata boshlagan.
Keyinchalik u Instagram va Telegram orqali Suriya hududida faoliyat yuritgan "Tavhid va jihod katibasi" hamda "G‘uroba katibasi" terroristik tashkilotlariga aloqador shaxslar bilan muloqotga kirishib, ularga tegishli materiallarni tarqatgan.
Universitetni tamomlaganidan so‘ng ham Janubiy Koreyada qolgan fuqaro "G‘uroba katibasi" terroristik tashkiloti media blogerining internet orqali qilgan da’vatlariga ishonib, unga pul mablag‘lari yuborgan.
2023-yil dekabr oyida u O‘zbekistonga qaytib kelgan. 2024-yil iyul oyida esa Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilish maqsadida Turkiyaga borgan, biroq rejasini amalga oshira olmay ortga qaytgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida fuqaro qo‘lga olinib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Sud hukmi bilan u Jinoyat kodeksining 244¹, 244², 155² va 155³-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi va 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

