Termizda Damas`da 21 nafar bolani tashigan haydovchiga chora ko‘rildi
Termizda Damas`da 21 nafar bog‘cha bolasi tashilayotgani aniqlandi. Holat bo‘yicha haydovchiga nisbatan qonuniy chora ko‘rildi. Muassasa mudirasiga esa bolalarni bunday tartibda tashishning xavfli oqibatlari tushuntirildi. Hujjatlar viloyat Maktab va maktabgacha ta’lim boshqarmasiga yuborildi.

Termizda Damas’da 21 nafar bolani tashigan haydovchiga nisbatan chora ko‘rildi
Termiz shahrida yo‘l-patrul xizmati xodimlari Damas avtomobilini to‘xtatib, uning salonida 21 nafar bola olib ketilayotganini aniqladi.
Haydovchining aytishicha, bolalar 16-sonli bog‘chaga olib borilayotgan bo‘lgan. U bolalarni tashish bo‘yicha bog‘cha bilan shartnoma tuzilganini bildirgan. YPX xodimlari bir nechta yo‘lovchi avtomobillarini to‘xtatib, bolalarni bog‘chaga yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan haydovchiga qonuniy chora ko‘rilgan. Muassasa mudirasiga esa bolalarni bu tarzda tashishning xavfli oqibatlari tushuntirilgan.
Haydovchi ota-onalar bolalarni bunday tartibda tashishdan xabardor va bunga rozi bo‘lganini aytgan. Unga yo‘llarda bunday qoidabuzarliklar YTHga olib kelishi mumkinligi tushuntirilgan. To‘plangan hujjatlar ma’lumot uchun viloyat Maktab va maktabgacha ta’lim boshqarmasiga yuborilgan.
Bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilarini xavfsizlik qoidalarini buzgan holda 4−7 o‘rinli avtomobillarda tashish O‘zbekistonda ancha keng tarqalgan.
Avvalroq sentabrda Sirdaryo viloyati Guliston tumanida “Damas"da 16 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisi, avgustda Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida esa 28 nafar bola tashilayotgani aniqlangandi.
Amalda bunday holatlar bo‘yicha haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128−8-moddasi asosida bayonnoma rasmiylashtiriladi. Mazkur modda transport vositasida odam tashish qoidalarini buzganlik uchun 2 BHM miqdorida jarima belgilaydi.
Bolalarni tashishdagi bunday qoidabuzarliklar ayrim hollarda og‘ir oqibatlarga olib kelgan. Xususan, may oyida Nurota tumanida 14 nafar bog‘cha bolasi bo‘lgan Matiz halokatga uchragani xabar qilingandi.
Rulda haydovchilik guvohnomasi olmagan oilaviy bog‘cha rahbari bo‘lgan. Hodisa oqibatida ayol vafot etgan, bolalar turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.
Bundan tashqari, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida 21 nafar bog‘cha bolasini Tracker’da olib ketayotgan haydovchi YTH sodir etgandi. Oqibatda 6 yoshli qiz halok bo‘lib, yana 7 nafar bola jarohat olgan. Sud haydovchiga nisbatan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash va 2 yilga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

