Termiz shahri jamoat transporti uchun Xitoydan 30 ta avtobus olib kelindi
Termiz shahrida 30 ta yangi avtobus yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsata boshladi. Xitoydan keltirilgan Zhongtong avtobuslari shaharning ikki yo‘nalishiga — Temir yo‘l vokzali-Pattakesar va Istiqlol maydoni-“Taxta” bozori-Mang‘uzar masjidi-Temir yo‘l vokzali yo‘nalishlariga chiqarildi.

Termiz shahrida jamoat transporti xizmatlarini yaxshilash hamda yo‘lovchilar uchun qulay va xavfsiz sharoitlarni ta’minlash maqsadida Xitoydan keltirilgan 30 ta yangi avtobus ishga tushirildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi ma’lum qildi.
"Universal elektrotexnik servis" MCHJ tomonidan sotib olingan Zhongtong rusumli avtobuslar shahar yo‘nalishlarida aholiga xizmat ko‘rsatishni boshladi.
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, aholini Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi. U yangi avtobuslar aholiga qulay va sifatli transport xizmatlarini ko‘rsatishda muhim rol o‘ynashini ta’kidladi.
Ushbu 30 ta avtobus Termiz shahridagi quyidagi yo‘nalishlarga taqsimlandi:
Ma’lumot uchun, Zhongtong avtobuslari Xitoyning Shandun provinsiyasida joylashgan Zhongtong Bus Holding Co., Ltd. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyi oxirida ham Termiz shahrining jamoat transporti uchun Xitoyda ishlab chiqarilgan 15 ta Zhongtong rusumli avtobus olib kelingandi. O‘shanda bu avtobuslar yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi "Best Logistictrans Termez" korxonasi tomonidan xarid qilingani va yaqin kunlarda shahardagi avtobus yo‘nalishlarida brutto-shartnoma asosida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshlashi aytilgandi.
Shuningdek, 1-yanvardan boshlab Termiz shahridagi jamoat avtobuslarida yo‘l haqi faqat bank kartalari va elektron bir martalik chiptalar orqali qabul qilinishi joriy etilgan. Infokiosklar orqali xarid qilingan chiptalar validatorda skaner qilinadi, qoldiq mablag‘ esa yo‘lovchining telefon raqamiga o‘tkaziladi.

