Termiz qum va chang boʻronlariga qarshi kurashishga tayyorlanmoqda
Toshkentda Termiz shahrining qum va chang boʻronlari hamda ular bilan bogʻliq havo ifloslanishiga chidamliligini oshirishga bagʻishlangan maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Tadbir BMTning Atrof-muhit boʻyicha dasturi (UNEP) va Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan tashkil etildi. Uchrashuv Termiz jamoatchiligi va sogʻliqni saqlash tizimining qum va chang boʻronlariga chidamliligini mustahkamlash loyihasi doirasida oʻtkazildi va […]

Termiz qum va chang boʻronlariga qarshi kurashishga tayyorlanmoqda
Toshkentda Termiz shahrining qum va chang boʻronlariga hamda ular bilan bogʻliq havo ifloslanishiga chidamliligini oshirishga bagʻishlangan maslahatlashuv uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Tadbir BMTning Atrof-muhit boʻyicha dasturi (UNEP) va Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan tashkil etildi.
Uchrashuv tabiatga asoslangan yechimlardan foydalangan holda Termiz jamoalari va sogʻliqni saqlash tizimining qum va chang boʻronlariga hamda havo ifloslanishiga chidamliligini mustahkamlash loyihasi doirasida boʻlib oʻtdi. Loyiha Yaponiyaning moliyaviy koʻmagida 2026 yil apreldan 2027 yil martgacha amalga oshiriladi.
Mutaxassislar qum va chang boʻronlari PM10 va PM2.5 mayda dispersli zarrachalari kontsentratsiyasini keskin oshirishga qodirligini taʼkidladilar. Termizdagi havo sifatiga isitish mavsumi, transport, qishloq xoʻjaligi va kichik sanoat korxonalari ham taʼsir koʻrsatadi.
Loyiha doirasida sunʼiy yoʻldosh va yer usti maʼlumotlarini birlashtirish, ifloslanish manbalari va mavsumiyligini oʻrganish, shuningdek, milliy mutaxassislar uchun amaliy treninglar oʻtkazish rejalashtirilgan. Shu asosda xavf chegaralari va «svetofor» tamoyili boʻyicha xabardor qilish tizimiga ega boʻlgan erta ogohlantirish tizimining prototipi yaratiladi.
Bundan tashqari, zarur xarajatlar hisob-kitobi bilan qum va chang boʻronlarini monitoring qilish boʻyicha milliy reja tayyorlanadi. Hujjatda yer usti, balandlik va sunʼiy yoʻldosh kuzatuvlariga, maʼlumotlar sifatiga va masʼul tashkilotlarning hamkorligiga qoʻyiladigan talablar belgilanadi.
Alohida eʼtibor tabiatga asoslangan chora-tadbirlarga — ekotizimlarni tiklash, koʻkalamzorlashtirish, tuproqni barqarorlashtirish va changlik darajasini pasaytirishga qaratiladi. Shuningdek, mutaxassislar Oʻzbekistonning boshqa zaif hududlarida bunday chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun xalqaro moliyalashtirishni jalb qilish imkoniyatlarini oʻrganadilar.
Ishtirokchilar xalqaro tashkilotlar, davlat tuzilmalari va mahalliy hokimiyat organlari oʻrtasida texnik hamkorlik va muvofiqlashtirishni davom ettirishga kelishib oldilar. Termizda ishlab chiqilayotgan yondashuvlardan kelgusida mamlakatning boshqa hududlarida maʼlumotlar almashish va qum hamda chang boʻronlarini birgalikda prognoz qilish uchun foydalanilishi mumkin.

