Tennis yulduzi Svitolina Ukrainadagi urushning emotsional taʼsiri Monfis bilan ajrashishga olib kelganini aytdi
Ikki nafar yetakchi tennischi 2021 yilda oila qurgan va ularning bir nafar farzandi bor.

Tennis yulduzi Svitolina Ukrainadagi urushning emotsional oqibatlari Monfis bilan ajrashishga olib kelganini aytdi
Monfis va Svitolina bu yilgi US Open musobaqasida aralash juftlik bahslarida birgalikda ishtirok etib, yarim finalgacha yetib borishgan edi
Ukrainalik tennis yulduzi Elina Svitolina frantsiyalik sobiq tennischi Gael Monfis bilan turmushi yakunlanganini eʼlon qilib, bunga oʻz mamlakatidagi urush keltirib chiqargan emotsional zoʻriqish sabab boʻlganini aytdi.
Dunyoning 32 yoshli oltinchi raketkasi Instagram’dagi his-hayajonga boy postida nizoning taʼsiri va «urush mening ichki dunyoimni nima qilgani» haqida yozdi.
«Bu men baham koʻrishim kerak boʻlgan eng ogʻir narsadir», — deb yozdi u va «men oʻzligimga qaytish yoʻlini topishim kerak» deb qoʻshimcha qildi. Svitolina bu nikohda qolgan holda buni amalga oshira olishiga ishonmasligini aytdi.
Uning aytishicha, 40 yoshli Monfis «quloq soldi» va «menga nima kerakligini men hech qachon unutmaydigan kuch va bagʻrikenglik bilan hurmat qildi».
«Baʼzi janglar sizning ich-ichingizda sodir boʻladi va boshqa insonning hech qanday muhabbati ularni siz uchun yutib bera olmaydi», — deb yozdi "Katta dubulgʻa" turkumidagi turnirlarning toʻrt karra yarim finalchisi.
Svitolina bu «men oʻzim sevgan insonga aytishim kerak boʻlgan eng ogʻir narsa» boʻlganini aytdi.
«Ukraina men uchun qanchalik qadrli ekanini hamma biladi», — dedi u.
«Siz koʻrmagan narsa bu — uyqusiz kechalar, shubhalar va sekin-asta oʻzligimni yoʻqotish hissi edi».
Tennis olamining mashhur juftligi 2021 yilda turmush qurgan va ularning birgalikdagi bir farzandi — Skai ismli toʻrt yoshli qizchasi bor.
Svitolina qizchasi «har doim birinchi oʻrinda turishini» aytib, «nikohimiz tugamoqda, ammo oilamiz emas» deb qoʻshimcha qildi.

