Mahalliy

Telegram Oʻzbekistonda yangiliklar manbalari orasida ommabopligi boʻyicha televideniyeni ortda qoldirdi

Telegram Oʻzbekistonda yangiliklar manbalari orasida ommabopligi boʻyicha televideniyeni ortda qoldirdi

Telegram, televideniye va ijtimoiy tarmoqlar Oʻzbekiston aholisi yangiliklarni oladigan asosiy kanallarga aylandi. Shu bilan birga, ularga boʻlgan ishonch darajasi sezilarli darajada farq qiladi: soʻrovda qatnashganlarning 44,3 foizi televideniyega, 11,3 foizi Telegram-kanallarga ishonadi.

Bu haqda 2 noyabr kuni Toshkentda mediaisteʼmol boʻyicha birinchi milliy tadqiqot yakunlariga koʻra maʼlum qilindi.

Loyiha Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi Delegatsiyasi, Prezident Administratsiyasi huzuridagi OAV uchun kontent tayyorlash markazi hamda "Ijtimoiy fikr" respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Soʻrov 2026 yilning 8 dan 19 sentyabrigacha respondentlarning yashash joyi boʻyicha yuzma-yuz intervyu formatida oʻtkazildi. Unda mamlakatning barcha 14 ta hududidan 18 yoshdan katta boʻlgan 1 411 kishi ishtirok etdi. Shahar aholisining ulushi 53,9 foizni, qishloq aholisiniki esa 46,1 foizni tashkil etdi.

### Aholi yangiliklarni qayerdan oladi

Tadqiqot maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston aholisi voqealardan eng koʻp Telegram-kanallar orqali xabardor boʻladi — soʻrov ishtirokchilarining 51,6 foizi ushbu manbani koʻrsatgan. Ikkinchi oʻrinda 44,6 foiz koʻrsatkich bilan televideniye, uchinchi oʻrinda esa ijtimoiy tarmoqlar (41,6 %) joy oldi.

Shu bilan birga, media afzalliklari yoshga sezilarli darajada bogʻliq. 18 yoshdan 24 yoshgacha boʻlgan yoshlar Telegram (66,2 %) va ijtimoiy tarmoqlarga (54,4 %) koʻproq murojaat qilishadi. 55 yoshdan oshgan respondentlar orasida televideniye yetakchilik qilmoqda: uni 77,4 foiz kishi tanlaydi.

Raqamli platformalarning oʻsishiga qaramay, televideniye hamon oʻz mavqeini mustahkam saqlab qolmoqda. Televizion kontentni soʻrovda qatnashganlarning 67,5 foizi tomosha qiladi. Bundan tashqari, aynan unga eng koʻp ishoniladi — tadqiqot ishtirokchilarining 44,3 foizi. Toʻqqoslash uchun, Telegram-kanallarga 11,3 foiz, yangiliklar saytlariga esa 7,4 foiz kishi ishonadi.

Telekanallar orasida eng katta ishonchga "O‘zbekiston 24" sazovor boʻlgan. Uni tomoshabinlarning 41,7 foizi asosiy axborot manbai deb atagan, 52,8 foizi esa uni eng ishonchli telekanal deb hisoblaydi. Eng talabgir kanallar qatorida Milliy TV, Zo‘r TV va Sevimli TV ham bor.

### Soʻrovda qatnashganlarning deyarli oʻndan toʻqqizi Telegram'dan foydalanadi

Tadqiqotchilar ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardan foydalanishni alohida koʻrib chiqdilar. Soʻrov maʼlumotlariga koʻra, respondentlarning 64,8 foizi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanadi, Telegram foydalanuvchilarining ulushi esa 86,1 foizga etadi.

Ijtimoiy tarmoqlar orasida Instagram soʻzsiz yetakchiga aylandi. Bunday platformalarga murojaat qiladigan soʻrovda qatnashganlarning 92,7 foizi undan foydalanadi.

Respondentlar raqamli axborot manbalarini tanlashning asosiy sabablari sifatida yangiliklarni olish tezligi (48,6 %) va istalgan vaqtda kontentga kirish imkoniyatini (31 %) koʻrsatishdi.

Radio, aksincha, mediaisteʼmol tarkibida nisbatan kam oʻrin egallaydi. Soʻrov ishtirokchilarining 21,9 foizi radioeshittirishlarni tinglaydi, 78,1 foizi esa ushbu manbadan foydalanmaydi.

Radiotinglovchilarning eng katta ulushi 35–44 yoshdagi kishilar orasida (26,9 %), eng kam ulushi esa 18–24 yoshdagi yoshlar orasida (16,7 %) qayd etilgan.

### OAVda qaysi mavzular yetishmayapti

Tadqiqot shuni ham koʻrsatdiki, auditoriya manfaatlari har doim ham nashrlar mazmuniga mos kelavermaydi. Soʻrovda qatnashganlarning yarmidan koʻpi (56 %) Oʻzbekistondagi voqealarni kuzatib boradi, 40 foizi xalqaro kun tartibiga, 22 foizi esa mahalliy va hududiy yangiliklarga qiziqadi.

Shu bilan birga, respondentlarning 41,3 foizi narx-navo, daromadlar, bandlik va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash haqidagi maʼlumotlar yetishmasligini taʼkidladi. Yana 40,6 foizi aholining kundalik muammolari haqidagi materiallar kamligini koʻrsatib oʻtdi.

Auditoriya koʻproq maʼlumot olmoqchi boʻlgan boshqa mavzular orasida — sogʻliqni saqlash (23 %), qonunlar va fuqarolarning huquqlari (22 %), davlat xizmatlari (18 %), taʼlim va fan (16 %) bor.

Mavzulardan tashqari, soʻrov ishtirokchilari jurnalistik materiallar sifatiga nisbatan ham oʻz kutishlarini bildirdilar. Shunday qilib, 27,6 foiz kishi koʻproq chuqur tahliliy nashrlarni, 22,5 foiz kishi turli nuqtai nazarlar xolis taqdim etilishini koʻrishni xohlaydi. shuningdek, respondentlar jurnalistik surishtiruvlar zarurligini taʼkidladilar.

Tadqiqot shahar va qishloq aholisining baholashlaridagi farqlarni ham aniqladi. Xususan, qishloq aholisi internet-nashrlar va yangilik saytlarida yolgʻon va noxolis maʼlumotlar uchraydi deb koʻproq hisoblaydi. Qishloq respondentlarining 41,2 foizi ushbu fikrda, shaharliklar orasida esa bu koʻrsatkich 31,6 foizni tashkil etadi. Bundan tashqari, qishloq aholisi OAVning xolisligi va begʻarazligi yetarli emasligini koʻproq koʻrsatadi — shaharliklar orasidagi 27,9 foizga qarshi 39,2 foiz.

Umuman olganda, soʻrov ishtirokchilarining 49,7 foizi mamlakatdagi soʻz erkinligi darajasini yuqori deb baholaydi.

### Feyklar zamonaviy OAVning asosiy muammosi deb ataldi

Respondentlar notoʻgʻri maʼlumotlar tarqalishini mediasohaning eng jiddiy muammolaridan biri deb hisoblaydilar. Feyk yangiliklarni tadqiqot ishtirokchilarining 46,6 foizi asosiy xavf deb atadi. Ularga eng koʻp YouTube, Telegram va ijtimoiy tarmoqlarda duch kelishadi.

Shu munosabat bilan soʻrovda qatnashganlarning 77,4 foizi notoʻgʻri maʼlumotlarni tarqatganlik uchun OAVning javobgarligini kuchaytirish tarafdori boʻldi.

Tadqiqotchilar teletomoshabinlarning afzalliklarini ham oʻrgandilar. Ular eng koʻp yangiliklar va axborot dasturlarini tomosha qilishadi: ularni shahar aholisining 65,3 foizi va qishloq aholisining 75,4 foizi tanlaydi. Talabgir janrlar qatorida sogʻliqni saqlash va sogʻlom turmush tarzi haqidagi koʻrsatuvlar, oila va tarbiya haqidagi eshittirishlar, hujjatli filmlar va jurnalistik surishtiruvlar ham bor.

Loyihaning ikkinchi bosqichi Oʻzbekistonning oltita hududida jurnalistlar, matbuot xizmatlari xodimlari va blogerlar uchun oʻquv treninglari boʻladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.