Telbami yoki daho? Zamonaviy boksning eng yorqin vakili Rayan Garsiya hikoyasi

Telbami yoki daho? Zamonaviy boksning eng yorqin vakili Rayan Garsiya hikoyasi
Bugungi boks olamining eng shov-shuvli, bahsli va shu bilan birga eng iste’dodli charm qo‘lqop ustalaridan biri — Rayan Garsiya. Ijtimoiy tarmoqlardagi millionlab kuzatuvchilar, ringdagi chaqmoqdek tez zarbalar va tinimsiz mojarolar uning nomini boksdagi eng yorqin brendlardan biriga aylantirdi.
13-sentyabr kuni Las-Vegasdagi "T-Mobile Arena"da Rayan Garsiya navbatdagi jangini o‘tkazdi. WBC vazn toifasidagi chempionlik kamarini ilk bor himoya qilayotgan Garsiya britaniyalik mashhur bokschi Konor Benn bilan ringga chiqdi.
Jang atigi ikki raund davom etdi. Birinchi raundda raqibini sinchiklab kuzatgan Rayan, ikkinchi raundning 1-daqiqasidayoq Benni dahshatli nokautga uchratdi va hakam bellashuvni to‘xtatdi. Shu g‘alaba bilan Garsiya professional boksdagi rekordini yangiladi. Uning hisobida 28 ta jangning 25 tasidagi g‘alaba bor, shulardan 21 tasi nokaut bilan yakunlangan.
G‘alabadan keyin u ringning o‘zidayoq navbatdagi raqiblariga murojaat qildi:
"Men doim o'ng qo'lim kuchli ekanini bilardim, faqat jarohatlar xalaqit berardi! Teofimo Lopes, qayerdasan, ringga chiq!"
Zalda o‘tirgan Lopes bu gaplardan so‘ng ringga otlanishga urindi, biroq qo‘riqchilar bunga yo‘l qo‘ymadi.
**Faoliyatning boshlanishi: havaskorlikdan professional boksgacha**
Rayan Garsiya 1998-yilda Kaliforniyada tug‘ilgan. U 7 yoshida boks maktabiga qatnay boshlagan. Havaskor boksda u juda yaxshi natijalar ko‘rsatgan — 200 dan ortiq g‘alaba va 15 karra AQSH chempionligi.
2016-yilda professional boksga o‘tgan Rayan o‘zining tezkor harakatlari va chap xuk ("left hook") zarbasi bilan boks olamini zabt eta boshladi. Uning har bir jangi tomoshabinlarni maftun etardi va qisqa vaqt ichida u Oskar De La Xoyaning "Golden Boy Promotions" kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi.
**"Instagram bokschisi" va tresh-tok san’ati**
Garsiya professional boksda nafaqat zarbalari, balki ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi bilan ham tez tanildi. Millionlab obunachilarga ega bo‘lgan Rayan boks va mediani uyg‘unlashtirishni uddaladi.
U raqiblarini jangdan oldin ruhiy jihatdan sindirish uchun tresh-tokdan samarali foydalanadi. Uning matbuot anjumanlaridagi xatti-harakatlari va ijtimoiy tarmoqlardagi provokatsion xabarlari janglarga qiziqishni bir necha barobarga oshirib yuboradi.
"Men oddiy bokschi emasman. Men insonlarga boks shunchaki urishish emas, bu san’at va shou ekanligini ko‘rsatmoqchiman. Odamlar mening ijtimoiy tarmoqlardagi mashhurligimni ko‘rib, bokschi ekanligimni unutib qo‘yishadi. Lekin ringga chiqqanimda yo‘llaydigan zarbalarim ularni reallikka qaytaradi", deydi Garsiyaning o‘zi.
**Janjallar va diskvalifikatsiya**
Rayanning faoliyati faqat zafarlardan iborat emas. U bir qator shov-shuvli mojarolar markazida bo‘lgan:
2021-yilda u ruhiy salomatligi va depressiya sababli bir qancha muhim janglarni bekor qildi.
2023-yilda Jervonta Devisga qarshi kechgan uchrashuvda faoliyatidagi ilk mag‘lubiyatni qabul qildi.
Garsiya boy oiladagi "tarbiyasi og‘ir bola"ga o‘xshaydi. U katta imkoniyatlarga ega. Biroq, bularning barchasidan unumli foydalana olmaydi. Ba’zan u yuqori darajadagi professional bokschi nomiga mos kelmaydigan ishlarni qilib, mojaroga aralashib qoladi.
Ma’lum bir vaqtgacha bularning barchasi "qora piar" sifatida o‘z samarasini berdi, ammo raqiblar darajasi tezda oshdi va Rayan bunga dosh berolmadi. Jervonta Devisga qarshi alamli mag‘lubiyatga ham aynan shu jihat sabab bo‘lgandi. Jang erta tugagani, jigarga zarba qabul qilib, nokautga uchragani Garsiyani yanada umidsizlikka tushirdi.
2024-yil Devin Xeyniga qarshi kechgan jangda Rayan Garsiya g‘alaba qozonadi. Lekin jangdan so‘ng uning qonida taqiqlangan modda topildi. Shundan so‘ng, uchrashuv natijasi bekor qilindi va Garsiya bir yilga boksdan chetlatildi.
**Kuchli qaytish**
Doping mojarosi Rayanning faoliyatiga yana bir zarba berdi. Garsiya keyingi jangida Rolando Romeroga qarshi aniq favorit sifatida ringga ko‘tarildi. Ammo oxir-oqibat u ancha sust jang qildi, ikkinchi raundda nokdaunga uchradi va haqli ravishda mag‘lub bo‘ldi. Hakamlardan biri hatto 118-109 hisobida Garsiyaning zarariga natija qayd etgandi.
Lekin bu natija Garsiyani sindirib qo‘ymadi. U yana kuchli bo‘lib qaytdi. Shu yil fevralda Mario Barriosga qarshi ringga chiqdi va ajoyib g‘alabaga erishdi. Bu g‘alaba unga WBC yarim o‘rta vazn toifasidagi chempionlik unvonini olib keldi.
13-sentyabr kuni Benn ustidan g‘alaba qozonib, chempionlik kamarini himoya qildi. Bu, albatta, Rayanni boks olamining eng yuqori cho‘qqisiga qaytaradi. Konor Benn ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng Garsiyaning chaqiruvidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, uning keyingi jangi Teofimo Lopesga qarshi bo‘ladi.
**Dana Uayt e’tirofi**
UFC prezidenti Dana Uayt Garsiyaning janglaridan hayratda ekanini yashirmaydi. U doim uning sha’niga maqtovlar yog‘diradi.
"Uning dahshatli kuchi bor, u yaxshi yigit, tili ham o‘tkir va hech kimdan qo‘rqmaydi. Bu yigit har kim bilan jang qilishga tayyor", deydi Uayt.
Rayan tez orada Zuffa Boxing promoushenining asosiy yulduziga aylanishi ham mumkin.
Rayan hayotida yangi sahifa ochilmoqda. Bunday paytda to‘g‘ri qarorlar qabul qilish juda muhim bo‘ladi. Garsiya o‘z iste’dodini ko‘pincha behuda ishlarga sarflagan. Endi hammasini jilovlash vaqti keldi. Shunda amerikalikni yorqin kelajak kutmoqda. Yuqorida aytilganlarning barchasini hisobga olsak, bokschi atigi 28 yoshda ekaniga ishonish qiyin.

