Mahalliy

Taʼmirtalab uylardan qulay xonadonlarga: Toshkentda renovatsiyaning ilk bosqichi amalga oshmoqda

Toshkentda yillar davomida eski va taʼmirtalab uylarda yashab kelgan oilalarni yangi xonadonlarga koʻchirish boshlandi. Renovatsiya dasturining birinchi bosqichida 40 nafar ishtirokchiga zamonaviy turar joy kalitlari topshirildi. Yangi xonadon egalari orasida yillar davomida yomgʻirda devorlari suv oʻtkazadigan, elektr tarmoqlari va isitish tizimida muammolar boʻlgan uylarda yashaganlar ham bor.

**Taʼmirtalab uylardan qulay xonadonlarga: Toshkentda renovatsiyaning ilk bosqichi amalga oshmoqda**

Furqat bogʻi yaqinidagi Abdulla Avloniy mahallasida yashagan oilalardan birining eski uyi paxsadan qurilgan edi. Uy egasi bu boshpana qachon barpo etilganini ham aniq eslay olmaydi.

“Kvartiramiz nurab qolgandi. Hatto qachon qurilganini eslay olmayman: yoshi mendan ham katta boʻlsa kerak. Yomgʻir yogʻganda loylari yuvilib ketardi. Tomi eski, devorlari esa suv oʻtkazardi. Isitish tizimi gazda ishlardi, lekin tez-tez buzilardi. Elektr simlari ham qoniqarli holatda emasdi”,

– deydi Gulnora Yoʻldosheva.

Endi esa u oilasi bilan Sergeli tumanidagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida qurilgan shinam xonadonga koʻchmoqda. Ularga uch xonali, uchinchi qavatdagi kvartira ajratilgan.

“Avvalgi uyimiz bilan solishtirganda bu butunlay boshqa: osmon bilan yercha farq qiladi. Barcha sharoitlari bor, xonalar yorugʻ va shinam. Quruvchilardan minnatdormiz”,

– deydi yangi xonadon egasi.

**“Uy oʻrniga yangi xonadon beriladi, deb oʻylamagandim”**

Renovatsiya natijasida ayrim oilalar uchun oʻzgarish faqat yangi manzil bilan cheklanib qolmagan. Eski xonadonning maydoni va oiladagi odamlar soniga qarab, ularga bir emas, bir nechta uy ajratilgan. Masalan, Zuhra Gʻaffarovaning avval qariyb 200 kvadrat metrli xonadoni bor edi. Yangi uy-joylarni taqsimlash jarayonida esa uning oilasiga 4 ta xonadon berilgan.

“Avval Chilonzor tumanidagi ikki qavatli uyning birinchi qavatida yashardim. Eski kvartiramizning maydoni qariyb 200 kvadrat metr edi. Renovatsiyaga tushganimizdan keyin oilamiz bilan borib, xonalarni oʻzimiz tanlab, taqsimlab oldik. Men va qizimga Sergelidan, ikki oʻgʻlimga esa Mirobod tumanidan xonadon berildi”,

– deydi u.

Ayolning aytishicha, yangi xonadonlar tayyor taʼmir va zarur jihozlar bilan topshirilgan.

“Sharoitlari oʻzimiz xohlagandek. Taʼmirlari bitgan, hamma jihozlari bor. Juda chiroyli. Yolgʻiz ona uchun barcha farzandlarini uy bilan taʼminlash juda qiyin. Men qachon uchta farzandimga uchta uy olib beraman, deb oʻylardim. Bir xonadon berishadi, deb kutgandim. Uchta farzandim ham oʻz oilasi bilan alohida uyga ega boʻlganidan juda xursandman”,

– deydi Zuhra Gʻaffarova.

**Yangi xonadonlarda qanday sharoit bor?**

Kalitlarni olgan oilalar yangi uylariga kirib, xonadonlarni koʻzdan kechirdi. Kvartiralarda taʼmirlash ishlari yakunlangan, xonalar foydalanishga tayyor holatda topshirilgan. Uylarning yorugʻligi va ichki taʼmiri xonadon egalarining eʼtiboridan chetda qolmadi.

“Kvartiralarning kenglik maydoni yaxshi, sharoitlari ham yoqdi. Taʼmiri juda chiroyli. Yashab bersak boʻldi ekan”,

– deydi yangi koʻchib oʻtayotganlardan biri.

Massiv atrofida bolalar maydonchalari, maktab va bogʻchalar kabi ijtimoiy infratuzilma obyektlarini ishga tushirish ham koʻzda tutilgan.

**“Avval renovatsiya desa, xalq qoʻrqardi”**

Renovatsiya dasturi doirasida eski uylarni buzib, ularning oʻrniga yangi turar joylar qurish bilan birga, aholining uy-joy masalasini hal qilish mexanizmini ishga tushirish ham rejalangan.

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqovning aytishicha, Yashnobod tumanida dastlabki bosqichda 40 ta xonadon egalariga uylar topshirilmoqda. Qurilish ishlari yakunlangach, qolgan oilalar ham yangi xonadonlarga koʻchiriladi. Yil oxirigacha yana 58 ta xonadon topshiriladi.

Taʼkidlanishicha, renovatsiya faqat bitta hudud bilan cheklanmaydi. Dastur Toshkentning boshqa tumanlarida ham bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

“Avval renovatsiya deyilsa, xalq qoʻrqardi. “Uyimiz qolib ketadi, aldanib qolamiz”, degan tushuncha bor edi. Hozir esa bu xavotirlar asossiz ekani va ishlarimizning amaliy natijasini koʻrib turibmiz. Yangi xonadonlarni ajratishda avvalgi uy-joyning maydoni va oilaning tarkibi hisobga olindi. Ayrim hollarda mavjud maydonga qoʻshimcha koeffitsiyent qoʻllangan holda yangi xonadon olish imkoniyati yaratildi. Toshkentda renovatsiyani talab qiladigan uylar soni koʻpligi sababli bu jarayon bir necha yil davomida bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kutilmoqda”,

– deydi Toshkent shahar hokimi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.