Taʼlim va ilm-fan vaziri oʻrinbosari nomidan soxta xabarlar tarqatilayotgani maʼlum qilindi
Taʼkidlanishicha, xabarlarda koʻrsatilgan akkaunt Ilhom Siradjevning shaxsiy Telegram akkaunti hisoblanmaydi.

Taʼlim va ilm-fan vaziri oʻrinbosari nomidan soxta xabarlar yuborilayotgani haqida maʼlum qilindi
Telegram orqali Taʼlim va ilm-fan vaziri oʻrinbosari Ilhom Siradjev nomidan turli shaxslarga soxta xabarlar joʻnatilayotgani aniqlangan. Maʼlum qilinishicha, ushbu xabarlar Ilhom Siradjev tomonidan yuborilmagan. Shuningdek, xabarlarda keltirilgan akkaunt uning shaxsiy Telegram akkaunti emas.
Vazirlik fuqarolardan bunday xabarlarga ehtiyotkorlik bilan yondashish, ularga javob bermaslik, SMS orqali kelgan tasdiqlash kodlarini hech kimga bermaslik hamda shaxsiy maʼlumotlar, hujjatlar va boshqa maxfiy axborotlarni taqdim etmaslikni soʻragan.
Eslatib oʻtamiz, Ilhom Siradjev 3-oktabr kuni taʼlim va ilm-fan vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga tayinlangandi.

