Taʼlim sohasiga yangi rahbar, gazsiz aholiga chegirmali “svet” - hafta dayjesti
Taʼlimda boshqaruv tizimi oʻzgarmoqda: soha kelajagi uchun toʻrt asosiy masʼul belgilandi. Gazsiz hududlarga elektr toʻlovidan chegirma beriladi: hukumat gazdan elektrga oʻtishga tayyorlanmoqda. Tailanddan keyin Sharm ash-Shayx yoʻnalishi ham vizali boʻldi; Latviyada esa oʻzbeklarga viza bermaslik masalasi koʻtarildi. Yakunlangan haftaning Oʻzbekiston hayotiga oid shu va boshqa ayrim yangiliklari – Kun.uz dayjestida.

Taʼlim tizimiga yangi rahbar tayinlandi, gazsiz aholiga chegirmali “svet” beriladi — hafta dayjesti
Erkinjon Turdimov — taʼlim va ilm-fan vaziri
Strategik jihatdan taʼlimga teng keladigan sohalar juda kam. Mamlakat kelajagini belgilovchi ushbu yoʻnalish endi barcha bosqichlarda yagona vertikalga birlashtirildi. Prezident farmoni bilan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida Taʼlim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi.
Rasmiy tushuntirishga koʻra, bu qarorning maqsadi — taʼlim, tarbiya va ilm-fanning yaxlit tizimini zamon talablari asosida yoʻlga qoʻyish, taʼlim sifati va inson kapitalini oshirish boʻyicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqishdir. Xususan, bogʻchalarda tarbiyachilar malakasini oshirish, maktab taʼlimida darsliklarni yangilash, oliy taʼlimda esa universitetlar mustaqilligini kuchaytirish va xususiy sektor uchun imkoniyatlarni kengaytirish ustuvor vazifalar etib belgilandi.
Islohot ijrosida asosiy masʼullar sifatida toʻrt kishini ajratib koʻrsatish mumkin: Saida Mirziyoyeva, Obid Hakimov, Erkinjon Turdimov va Zafar Hoshimov.
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva hamda uning taʼlim islohotlari boʻyicha yangi oʻrinbosari Obid Hakimov belgilangan vazifalar bajarilishini nazorat qiladi.
Bungacha toʻrtta viloyatda hokim boʻlib ishlagan Erkinjon Turdimov esa bosh vazirning birinchi oʻrinbosari — taʼlim va ilm-fan vaziri sifatida hukumatda alohida mavqega ega boʻladi; sogʻliqni saqlash sohasi ham uning Vazirlar Mahkamasidagi kotibiyati tarkibida boʻladi.
Eslatib oʻtamiz, bosh vazirning birinchi oʻrinbosari lavozimi 2022-yil oxirida tugatilgan edi.
Noyob siyosiy karyeraga ega 57 yoshli Erkinjon Turdimov soʻnggi paytlarda chiqishlarida taʼlim masalasiga tez-tez urgʻu berishi bilan ham boshqa hokimlardan ajralib turgandi. Masalan, u avgust oyida Ustozlar milliy forumidagi nutqida yangilikdan qoʻrqmaslikka, bolalarga erkinlik berishga chaqirgan.
“[Maktabda] kompyuter turardi, lekin bolalarni bitirib ketayotganida kompyuterni yoqishni ham bilmasdi. Hozir shu bitirib ketganlar koʻpi direktor boʻlsa ham kerak, shular kompyuterni yoqishni ham bilmaydi. Qiziqmaydigan odam, yangilikdan qoʻrqadigan odam shunaqa boʻladi. Yangilikdan qoʻrqmaydigan odam yangilik yaratadi. Umuman olganda, yangilik yaratishga intilgan odam kelajakni yaratadi.
[...] Bolalarga erkinlik berishimiz kerak. Kerak boʻlsa, bolalarning shoʻxligidan ham foydalanishimiz kerak, yoʻnalish berishimiz kerak. “Bunday yur, bunday tur, bunday qil” deb hammani ramkaning ichiga solib qoʻyish kerak emas. Keyin ramkadan chiqolmay qolamiz.
Ertaga 10 yildan keyin nima boʻladi? 20 yildan keyin nima boʻladi? Bola-chaqamiz nima qiladi? 10 yildan keyin, 15 yildan keyin nima boʻlishi — hammasi siz bilan bizning qoʻlimizda, ayniqsa taʼlim fidoyilarining qoʻlida. Agar biz “menga tegma, men senga tegmayman” deb yopishib olsak kreslomizga, u kresloga qancha yopishsangiz, shuncha tez ketasiz”.
Turdimov avgust oyida aholi bilan uchrashuvlaridan birida ham taʼlimning ahamiyatini taʼkidlab, ota-onalarni farzandlari bilan birga dars qilishga chaqirgan.
“Bizni faqat bilim qutqaradi. Maktabda yaxshi oʻqish, ilgʻor texnologiyalarni oʻzlashtirish, shuning hisobiga bolalarimiz bizni olib chiqib ketadi. Kim bolalariga investitsiya qilsa, kim bolalarini oʻqitsa, oʻsha odam obroʻli boʻladi. Odamlar qoʻlida koʻtarib yuradi, shuning otasi-da deb. Agar bolasiga investitsiya kiritmasa, uniyam kambagʻal qilib qoʻysa, tashvish olib keladi u bola.
Shuning uchun xohlaymizmi-yoʻqmi, farzandlarimizni oʻqitishimiz kerak. Birga dars qilishimiz kerak; kallamiz ishlamasa ham, oʻzimizni majburlashimiz kerak. Oldimizda shu narsa turibdi, boshqa yoʻlimiz yoʻq”.
Yuqorida tilga olingan taniqli tadbirkor, Korzinka supermarketlar tarmogʻi asoschisi Zafar Hoshimov esa Prezident administratsiyasi huzurida tuzilayotgan maxsus ishchi guruhga jamoatchilik asosida rahbar boʻldi.
Ishchi guruh inson kapitalini rivojlantirish va uzluksiz taʼlim strategiyasi boʻyicha umummilliy konsepsiyani ishlab chiqadi. Buning uchun guruhga tajribali tadbirkorlar, soha mutaxassislari, olimlar va xalqaro ekspertlar jalb etilishi rejalashtirilgan. Zafar Hoshimov bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirib, faoliyati davomida Teach For Uzbekistan tashkiloti vasiylik kengashi aʼzosi, TEAM University asoschilaridan biri, Toshkentdagi Vestminster xalqaro universiteti jamoasining faxriy aʼzosi sifatida taʼlim sohasidagi tashabbuslarda qatnashib kelayotganini qayd etdi.
Uzoq kutilgan chegirma
Gazsiz hududlarda yashovchilar uchun isitish mavsumida elektr energiyasi toʻlovidan chegirma beriladigan boʻldi. Bu taklifni 6-oktabr kungi yigʻilishda prezident Shavkat Mirziyoyev maʼqulladi.
Endilikda isitish mavsumida gazlashmagan va gaz yetib bormagan hududlarda elektr energiyasi boʻyicha bazaviy meyor 200 kWh dan 350 kWh ga oshiriladi.
Bu amalda nimani anglatadi? Bazaviy tarif 650 soʻm, undan keyin 500 kWh gacha 900 soʻm ekanidan kelib chiqilsa, gazlashmagan hududlarda yashovchilarga berilayotgan chegirmaning puldagi qiymati oyiga 37 500 soʻmni tashkil etadi.
Bu oʻzgarish hali rasmiy hujjat shaklini olmaganini hisobga olib, kichik bir raqamni qoʻshimcha qilish mumkin: agar gazsiz hududlar uchun isitish mavsumidagi elektr tokining bazaviy meyori kutilganidek 350 emas, 400 kWh gacha oshirilsa, hozirgi tariflarda chegirma qiymati aynan 50 ming soʻmga teng boʻlardi.
Seshanba kungi yigʻilishda maʼlum qilinishicha, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning elektr energiyasi va gaz boʻyicha bazaviy meyordan ortiq isteʼmol xarajatlarining bir qismini qoplash amaliyoti 2028-yil 1-aprelgacha davom ettirilishi rejalashtirilgan. Bu kompensatsiya toʻlovlaridan yiliga 470 ming oila foydalanishi hisoblab chiqilgan.
Gaz qazib olishdagi pasayishni bu yil ham toʻxtatib boʻlmadi
Kuzning ilk salqin kunlari qish yaqinlashayotganidan darak berayotgan pallada, mashinasi metanda yuradigan haydovchilar uchun yoqimsiz xabar paydo boʻldi: Oʻzbekistonning eng asosiy gaz qazib oluvchi kompaniyasi bu yil ham oʻz rejasini bajara olmaydi.
Maʼlum boʻlishicha, “Oʻzbekneftgaz” tizimida gaz qazib olish yil yakuniga borib salkam 10 foizga kamayishi kutilmoqda. Kompaniya raisining birinchi oʻrinbosari Suhrob Hamroyevning soʻzlariga koʻra, joriy yilda 22,8 mlrd kub metr gaz qazib chiqariladi. Bu 2025-yilgi hajmdan 2,4 mlrd kub metrga, yaʼni 9,5 foizga kam.
6-oktabr kungi yigʻilishda kompaniya raisi Abdugʻani Sanginov yil boshidan beri 5 ta yangi gaz koni ochilgani, 80 ta quduq burgʻilangani haqida hisobot berdi. Qayd etish kerak, Sanginov yanvar oyidagi taqdimotida gaz sanoatidagi salbiy dinamikani toʻxtatib, joriy yilda 25,2 mlrd kub metr gaz qazib olishdek katta marrani oʻz zimmasiga olgandi. Amalda esa oktabr oyiga kelib reja qayta koʻrib chiqilgani va 10 foizga pasaytirilgani ayon boʻlmoqda.
Oʻzbekistonning ikkinchi eng yirik gaz qazib oluvchisi — Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasiga kelsak, uning ishlab chiqarish koʻrsatkichlari maʼlum emas. Kompaniya asoschisi Vagit Alekperov dushanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida boʻlib, istiqbolli uglevodorod konlarini oʻzlashtirish va AYoQShlar tarmogʻini rivojlantirish rejalarini muhokama qildi. Bu uchrashuvning eʼtiborli jihati shundaki, AQSH Moliya vazirligi “Lukoyl” kompaniyasiga Rossiyadan tashqaridagi aktivlariga xaridor topish uchun bergan muhlat 22-oktabrda yakuniga yetadi.
Gaz qazib chiqarish oxirgi ikki yilda 20 foizga qisqargani fonida hukumat gaz yetib borishi qiyin boʻlgan hududlarni elektrga oʻtkazish niyatida. Ikki hafta avval imzolangan prezident farmoniga koʻra, kelasi yil bahorigacha xalqaro konsultantlar ishtirokida “Tabiiy gaz yetib borishi qiyin boʻlgan hududlarni elektrlashtirish konsepsiyasi” ishlab chiqilishi kerak. Konsepsiya doirasida elektr energiyasi uchun imtiyozli tariflar bilan birga, energiya samarador maishiy texnikalarni xarid qiluvchilarni qoʻllab-quvvatlash choralari ham nazarda tutiladi.
Sharm ash-Shayxga viza va Latviyadagi jinoyatlar
Oʻzbekistonliklar orasida eng ommabop sayyohlik yoʻnalishlaridan biri — Sharm ash-Shayxga borib kelish endi avvalgidek oson boʻlmaydi. Gap shundaki, hozirgacha oʻzbekistonliklar Misrning Qohira va boshqa aksariyat shaharlariga viza bilan, Sinay yarimorolidagi Sharm ash-Shayx kurort-shahriga esa vizasiz borishi mumkin edi. 1-noyabrdan boshlab esa bu qisman vizasiz tartib bekor qilinmoqda.
Oʻzbekistonning Qohiradagi elchixonasi xabariga koʻra, 1-noyabrdan boshlab oʻzbekistonliklar Misrning istalgan nuqtasiga borish uchun oldindan viza olishi kerak boʻladi. Bundan tashqari, sayyohlar mustaqil ravishda emas, faqat vakolatli turoperatorlar orqali Misrga borishi mumkin boʻladi.
Yangi talablar roʻyxati shu bilan tugamaydi: 40 yoshgacha boʻlganlar Misrga faqat ota-onasi, turmush oʻrtogʻi yoki farzandlari bilan borishi mumkin, bunda oilaning qoʻlida kamida 5000 dollar naqd pul boʻlishi kerak. 40 yoshdan kattalar yolgʻiz oʻzi borishi mumkin va ular kamida 3000 dollar naqd pulga ega boʻlishi lozim. Misrga kirishda viza va naqd puldan tashqari, mehmonxona band qilinganini tasdiqlovchi hujjat hamda mobil aloqa maʼlumotlari ham taqdim etilishi kerak. Bundan tashqari, Misrda boʻlish davomida turistik vizani boshqa turdagi vizaga almashtirib boʻlmaydi.
Bunday katta toʻsiqlardan keyin Sharm ash-Shayx yoʻnalishi chiqish turizmidagi avvalgi jozibasini yoʻqotishi aniq. Shunga oʻxshash holat yaqinda Tailand bilan ham yuz bergan edi. Tailand hukumati 15-sentabrdan boshlab koʻplab mamlakatlar, jumladan Oʻzbekiston uchun ham vizasiz rejimni bekor qilgach, Aviasales maʼlumotiga koʻra, oʻzbekistonliklarning Tailandga sayohat buyurtmalari 84 foizga kamayib ketgan.
Bundan tashqari, joriy haftada Tailand vizasini beruvchi elektron tizimda nosozliklar kuzatilayotgani maʼlum boʻldi. Ijtimoiy tarmoqlarda viza kutilgan vaqtda chiqmagani, ayrim sayohatchilar viza chiqishini soʻnggi soatlargacha, hatto aeroportga borib kutib, uyiga qaytgani haqida xabarlar tarqaldi. Oʻzbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi Thai E-Visa saytida texnik nosozliklar borligini tasdiqlab, garchi saytda 10 kunlik muddat koʻrsatilgan boʻlsa-da, amalda 40 dollarlik toʻlov qilinganidan keyin oʻrtacha 15 kunda viza chiqayotganini maʼlum qildi.
Oʻtgan haftada Oʻzbekiston fuqarolariga viza berishni cheklash masalasi Latviyada ham koʻtarilgani maʼlum boʻldi. Latviya Ichki ishlar vazirligi saytida berilgan xabarga koʻra, vazir Yanis Dombrava oʻzbekistonliklarga viza berishni vaqtincha toʻxtatish taklifi bilan chiqqan. Bunga sabab sifatida Oʻzbekistonning bir necha fuqarosi Latviyaga kelganidan koʻp oʻtmay jinoyatlarga, xususan voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlarga qoʻl urgani aytilmoqda.
Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligidan maʼlum qilishlaricha, Rigada bu taklif koʻtarilgach, oʻzbek diplomatlari muzokaraga kirishgan va yakunda Latviya tomoni mavjud tartibni oʻzgartirishga ehtiyoj yoʻqligini bildirgan, yaʼni yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammoning oldi olingani aytilmoqda. Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi vatandoshlarni xorijga borganda oʻsha mamlakat qonunchiligiga rioya qilishga va masʼuliyatli boʻlishga chaqirdi.
Latviya vazirining taklifiga asos boʻlgan jinoyatlarga kelsak, Kun.uz surishtiruviga koʻra, sentabr oyining oʻzida ikkita holat qayd etilgan. Avvaliga Yelgava shahrida 39 yoshli oʻzbekistonlik bolalar maydonchasida kichik yoshdagi bolaga nisbatan jinsiy xarakterdagi harakatlar qilganlikda gumonlanib ushlangan va sud qarori bilan qamoqqa olingan. Koʻp oʻtmay, poytaxt Rigadagi savdo markazlaridan birida boshqa bir Oʻzbekiston fuqarosi kichik yoshdagi ikki qizga pul evaziga jinsiy xarakterdagi harakatlarni taklif qilgani aytilmoqda. Har ikki ish boʻyicha tergov davom etmoqda.
Yana bir holat 2025-yil mart oyida Karnikava shahrida yuz bergan. Ayblovga koʻra, ikki oʻzbekistonlik daryoda suzib yurgan oqqushga ovqat berib, uni suvdan chiqarib olgan. Ulardan biri oqqushning boʻynini sindirib, boshiga musht urgan. Keyin qushni qora axlat qopiga solib, mashina yukxonasida olib ketishgan. Bu voqea uch nafar voyaga yetmagan bola koʻz oʻngida sodir boʻlgan. Ish boʻyicha ikki oʻzbekistonlik salkam 4 yillik probatsiya nazoratiga hukm qilingan; ular hech qanday jarima va qamoqsiz qutulib ketgani latish jamoatchiligida muhokamalarga sabab boʻlgan. Eʼtirozlardan keyin bu ikki shaxsning Latviyada yashash huquqi bekor qilingan.
Bu hafta yana nimalar roʻy berdi?
Markaziy Osiyo va Ozarboyjon yetakchilari navbatdagi Maslahat uchrashuviga yigʻildi.
Turkmanistondagi “Avaza” sayyohlik zonasida oʻtgan sammitda olti mamlakat prezidenti mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash haqida fikr almashdi.
Oʻzbekiston prezidentining soʻzlariga koʻra, mintaqaviy jarayon doirasida katta va murakkab tuzilmalarni tashkil etishga intilish yoʻq. Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, bizga moslashuvchan va tushunarli format kerak. Maslahat uchrashuvining ertasiga MDH sammiti ham boʻlib oʻtdi va unda 1-yanvardan boshlab tashkilotga raislik Oʻzbekistonga oʻtishi belgilandi. Hamdoʻstlikning 2027-yilgi sammiti 8-9 oktabr kunlari Buxoroda oʻtkaziladi.
Shifokorlarning farzandlari uchun kontrakt toʻlovining bir qismini qoplab berish boshlandi.
Bunda davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ishlagan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlari uchun bakalavriatdagi kontrakt toʻlovining 30 foizgacha qismi davlat byudjetidan qoplab berilmoqda.
Xuddi shunday imtiyoz joriy oʻquv yilidan boshlab pedagoglarning farzandlariga nisbatan ham tatbiq etilishi belgilangan.
Eʼtiborlisi, tibbiyot xodimlaridan farqli ravishda, pedagoglardan muayyan ish staji talab etilmaydi; shuningdek, xususiy sektordagi pedagoglar ham bu imtiyozdan foydalanishi mumkin.
Toshkent davlat texnika universitetining yuzlab talabalari kechasi koʻchaga haydaldi.
Poytaxtdagi bir nechta oliygohga, asosan texnika universitetiga viloyatdan kelib oʻqiyotgan 300 nafar talaba yotoqxona uchun pul toʻlagan boʻlsa-da, 6-oktabr oqshomida binodan chiqarib yuborilgan.
Rasmiylarga koʻra, davlat-xususiy sheriklik asosida yangi qurilgan talabalar turar joyining hali kadastr hujjati yoʻq va zarur ruxsatlar olinmagan, talabalar esa u yerga norasmiy tartibda, oʻzboshimchalik bilan qabul qilingan. Chiqarib yuborilgan talabalar oʻsha kecha hostelda yoki tanishinikida tunab qolgan; keyinroq boshqa yotoqxonalar va ijara xonadonlarga joylashgani aytilmoqda.
Bloger Sirojiddin Odilov 4 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
YouTube'dagi “Sirojiddin Media” kanali muallifi Sirojiddin Odilov Mirzachoʻl tuman sudi tomonidan bir epizod boʻyicha tovlamachilik, ikkita epizod boʻyicha firibgarlik jinoyatlarida aybli deb topildi.
Xabar qilinishicha, u jabrlanuvchi deb topilgan uch nafar shaxsga yetkazilgan 75 mln soʻm zararni toʻliq qoplab bergan. Yakunda unga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jizzax viloyati sudlari bayonotida bu jinoyat ishi Odilovning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatiga aloqador emasligi aytiladi.
Toshkent viloyatida 600 tupga yaqin daraxt noqonuniy qoʻporib tashlandi.
Boʻstonliq tumani Gʻazalkent MFYda roʻy bergan voqeada tadbirkor 2 gektar yer maydonida 586 tup daraxtni noqonuniy ravishda ildizi bilan qoʻporib tashlagan.
Ekologiya qoʻmitasi xabariga koʻra, tadbirkor vakolatli organning qonuniy talablariga boʻysunmay, qarshilik koʻrsatishga uringan, oxir-oqibat uning harakatlariga ekolopolitsiya tomonidan chek qoʻyilgan. Qonunbuzarlik natijasida tabiatga yetkazilgan zarar 1,7 mlrd soʻmga baholandi. Tekshiruv yakunida toʻplangan hujjatlar prokuraturaga yuboriladi.

