Tayson Fyuri va Entoni Joshua o‘rtasidagi jang sanasi ma’lum bo‘ldi

Tayson Fyuri va Entoni Joshua o‘rtasidagi jang sanasi aniqlandi
Professional boksning super og‘ir vazn toifasida sobiq Jahon chempioni Tayson Fyuri bilan yana bir sobiq chempion Entoni Joshua o‘rtasidagi uzoq kutilgan bahs 11-dekabr kuni Uelsning Kardiff shahridagi “Principality Stadium” arenasida bo‘lib o‘tadi. Ushbu jangni Netflix platformasi butun dunyo bo‘ylab jonli efirda namoyish qiladi.
Manbaga ko‘ra, jangning joyi va sanasi Saudiya Arabistoni umumiy ko‘ngilochar boshqarmasi raisi hamda Saudiya boks federatsiyasi prezidenti Turki al ash-Shayx tomonidan e’lon qilingan. U Fyuri va Joshua o‘rtasidagi jangni tashkil etish bo‘yicha nihoyat kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.
Oldinroq ikki bokschining qayerda ringga chiqishi yuzasidan uzoq muzokaralar olib borilgandi. Bahsni AQSHning Nyu-York shahridagi “Madison Square Garden” arenasida o‘tkazish varianti ham ko‘rib chiqilgan. Oxir-oqibat jang Buyuk Britaniyada o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Fyuri va Joshua 30-sentabr kuni Londonda bo‘lib o‘tadigan matbuot anjumanida ilk bor jang oldidan yuzma-yuz uchrashadi.
38 yoshli Fyuri professional boksda 39 ta jang o‘tkazib, ulardan 36 tasida g‘alaba qozongan. “Lo‘lilar qiroli” faqat ikki marta mag‘lub bo‘lgan va bir jangida durang qayd etilgan. U mutlaq Jahon chempionligi uchun bo‘lgan ikkita jangda ukrainalik Oleksandr Usikka imkoniyatni boy bergan.
Fyuri 2024-yil dekabrida Usikka yutqazganidan keyin faoliyatini yakunlaganini bildirgandi. Biroq Tayson 2026-yil yanvarida ringga qaytishini aytib, ikkita g‘alabaga erishdi (Arslanbek Mahmudov va Marius Vax).
36 yoshli Joshua o‘tgan yil dekabrida Nigeriyada yuz bergan avtohalokatdan keyin jang o‘tkazmagan. O‘sha avtohalokatda uning ikki yaqin do‘sti halok bo‘lgan. Joshua iyul oyida ringga qaytib, jang o‘tkazdi. U professional boksda 34 ta jangda qatnashib, ularning 30 tasida g‘alaba qozongan. “AJ” faqat 4 marta mag‘lubiyatga uchragan.
Jang Netflix orqali dunyo bo‘ylab qo‘shimcha to‘lovsiz namoyish etiladi.

